Bugun “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning “Elektr energiyasini hisobga olishni avtomatlashtirish markazi”da “Oʻzbekiston iqtisodiyoti tarmoqlarini raqamlashtirish sharoitida elektr tarmoqlari korxonalarini innovatsion rivojlantirish” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti hamda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Gruziya, Koreya, Rossiya va Germaniya davlatlarining soha ekspertlari, energetika kompaniyalari vakillari hamda olimlar, ilmiy va amaliy xodimlar, yosh olimlar, doktorantlar va bakalavriyat darajasida tahsil olayotgan hamda ilmiy izlanishda boʻlgan talabalar ishtirok etdi.
Konferensiyadan koʻzlangan asosiy maqsad elektr energetika sohasini innovatsion rivojlantirish hamda raqamlashtirish sharoitida xalqaro ilmiy ishlanmalar, gʻoya va fikrlar almashish, shuningdek, elektr uzatish tarmoqlari hamda energiya samaradorligini oshirishda dunyo innovatsion texnologiyalarni joriy etishning tahlilini olib borishdan iboratdir.
Maʼlumki mamlakatimizda energetika sohasini raqamlashtirish, xususan sohaga innovatsion texnologiyalarni joriy etishda qator ishlar amalga oshirilyapti. Xususan, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan bugungi kunda respublika elektr energiyasi isteʼmolchilariga ASKUE tizimiga mos keluvchi hisoblagichlarni oʻrnatish ishlari amalga oshirildi.
Aytish kerakki, ASKUE tizimini joriy etishdan asosiy maqsad isteʼmolchi va taʼminotchi oʻrtasidagi shaffoflikni taʼminlash, yetkazib berilgan elektr energiyasi uchun hisob-kitoblarga aniqlik kiritish, shu bilan birga, isteʼmolchilarning foydalangan elektr energiyasi uchun toʻlov intizomini mustahkamlash, elektr energiyasini taqsimlashda har bir isteʼmolchi va transformator punkti kesimida kerakli maʼlumotlarni olish va tahlil qilib borish, shu bilan birga, ushbu olingan maʼlumotlar asosida tarmoqlarda modernizatsiya ishlarini aniq amalga oshirib borish hisoblanadi.
Bugungi oʻtkazilayotgan respublika konferensiyasi energetika sohasida tarmoq korxona bilan oʻtkazilayotgan birinchi konferensiya hisoblanib, ishlab chiqarish korxonasi va oliy taʼlim oʻrtasidagi hamkorlikning yorqin ifodasi boʻlib hisoblanadi.
Anjuman yakunida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ hamda Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi oʻrtasida Past kuchlanishli elektr tarmoqlaridagi texnik yoʻqotishlarni kamaytirishga qaratilgan pilot loyihasini amalga oshirish hamda hududiy elektr tarmoqlari tizimida innovatsion ekotizimni shakllantirish boʻyicha Hamkorlik memorandumi imzolandi
Shuningdek, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va Toshkent davlat texnika universiteti oʻrtasidagi hamkorlik Memorandumi” hamda “2021-2025-yillarda Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetida “Elektr taʼminoti” sohasi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” imzolandi.
Konferensiya davomida mamlakatimizda bu borada olib borilayotgan ishlar xususida ham fikrlar almashildi, deb xabar beradi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ matbuot xizmati.