“Insoniy birodarlik majlisi” deb nomlangan mazkur nufuzli anjumanda turli mamlakatlarning Birinchi xonimlari, Nobel mukofoti sohiblari, BMT agentliklari va yetakchi xalqaro tashkilotlar rahbarlari, BAA hamda Koʻrfaz davlatlarining yuqori martabali siyosatchilari, vazirlar va davlat arboblari, shuningdek, texnologiya va sunʼiy intellekt etikasi sohasidagi yetakchi olimlardan iborat 150 nafar nufuzli mehmon ishtirok etdi.
Ahamiyatli jihati shundaki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva forum doirasida oʻtkazilgan “Ayollar yetakchiligi insoniy birodarlik markazida” mavzusidagi birinchi sessiyada maʼruza qildi. Ushbu sessiyada zamonaviy dunyoda ishonch inqirozi kuchayib borayotgan bir sharoitda ayollar yetakchiligining oʻrni va masʼuliyati masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.
Sunʼiy intellekt va ilgʻor texnologiyalarga asoslangan yangi global tartibot shakllanayotgan bir paytda, siyosiy va strategik qarorlar qabul qilish jarayonlarida ayollar ishtiroki hal qiluvchi ahamiyat kasb etishini taʼkidlar ekan, Saida Mirziyoyeva: “Yangi dunyoni kim quradi?” degan savolni oʻrtaga tashladi.
Uning taʼkidlashicha, insoniy birodarlik gʻoyalari faqat balandparvoz shiorlar bilan emas, balki zoʻravonlikka qarshi qaratilgan qatʼiy qonunlar, samarali ijro mexanizmi va adolatli sud tizimi orqali amalda namoyon boʻlishi lozim.
“Insoniy birodarlik kimningdir ovozini eshitish, hech kimni hech qachon chetga surib qoʻymaslik orqali shakllanadi”, — dedi Saida Mirziyoyeva.
Nutq davomida ayollar yetakchiligi va taʼlim olish huquqini inson qadrining asosiy mezonlaridan biri sifatida himoya qilish gʻoyasi ilgari surildi. Shu maʼnoda, Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar misolida ayollarni ijtimoiy himoya qilish va ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini taʼminlash nafaqat milliy taraqqiyotga, balki butun mintaqada tinchlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlashga xizmat qilishi alohida qayd etildi.
«Oʻzaro hurmatga asoslanmagan rivojlanish bardavom boʻlmaydi. Kuchli jamiyatlar nafaqat qonunlarga, balki insonlar oʻrtasidagi oʻzaro ishonchga ham tayanadi. Bu ishonch esa koʻpincha ayollar yetakchiligi va oʻzaro munosabatlari orqali mustahkamlanadi», — dedi Saida Mirziyoyeva.