Ishsizlik nafaqasi faqat mehnat shartnomasi bekor qilingan shaxslarga toʻlanadi

    2025-yil 1-noyabrdan ishsizlik nafaqasi faqat mehnat shartnomasi bekor qilingan shaxslarga toʻlanadi.

    Bu Prezidentning “Mehnat munosabatlari va kasbga tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda ish beruvchilarni ragʻbatlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonida [PF-126-son] koʻzda tutilgan.

    2025-yil 1-noyabrdan xoʻjalik yurituvchi subyektlar quyidagi shaxslar uchun ish oʻrinlarining majburiy zaxiralarini shakllantiradi:

    • nogironligi boʻlgan shaxslar;
    • oilaviy (maishiy) zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslar;
    • Kambagʻal oilalar reyestridagi oilalarning aʼzolari;
    • muqobil joylashtirish shakllarida tarbiyalangan yetim shaxslar;
    • ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan shaxslar.

    Bunda majburiy zaxiralash:

    • xodimlar umumiy sonining 3 foizidan oshmasligi zarur;
    • xodimlari soni 100 nafardan ortiq boʻlgan tashkilotlarga nisbatan qoʻllanadi.
    • Shuningdek, 2025-yil 1-noyabrdan ishsizlik nafaqasi faqat mehnat shartnomasi bekor qilingan shaxslarga toʻlanadi. Bunda:
    • ishsizlik nafaqasi soʻnggi 5-yilda kamida 18 oy ishlagan shaxslarga mehnat shartnomasi bekor qilingandan soʻng ular 6 oy ichida murojaat qilganda, ularning oxirgi 18 oylik oʻrtacha ish haqi hisobidan 3 oy davomida toʻlanadi;
    • 1-oyda oʻrtacha oylik ish haqining 75 foizi, lekin mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 3 baravaridan oshmagan miqdorda toʻlanadi;
    • 2- va 3- oylarda esa oʻrtacha oylik ish haqining 50 foizi, lekin mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 3 baravaridan oshmagan miqdorda toʻlanadi.

    Ishsizlik nafaqasini takroran belgilashda dastlabki tayinlangan nafaqani olish muddati tugagandan soʻng qoʻshimcha ravishda kamida 12 oylik ish staji talab etiladi.