Isiriqni har qancha boʻlsa, oʻzimizda ishlating

    Toshkent va Namangandan kelgan bu fuqarolarda bir kilogrammdan ortiq isiriq borligi aniqlangan.

    Chunki bu dorivor oʻsimlik xalqimizda azal-azaldan ming dardga davo, mikroblarni oʻldiruvchi vosita sifatida qadrlanadi. Yaqindagina Belorussiyada isiriqning giyohvand modda deb eʼlon qilinganidan taajjublangandik.

    Afsuski, Rossiya Federatsiyasida ham ushbu oʻsimlik giyohvandlik vositasi hisoblanadi. Aks holda Irkutsk xalqaro aeroportiga isiriq olib kirgan ikki oʻzbekistonlik qoʻlga olinmas edi.

    Irkutsk bojxona boshqarmasi matbuot xizmatining xabariga koʻra, Toshkent va Namangandan kelgan bu fuqarolarda bir kilogrammdan ortiq isiriq borligi aniqlangan. “Ularning yuklari orasidan quruq poyalar va mevalari shaklidagi sariq-yashil rangdagi oʻsimlik massasi (830 va 243 gramm) boʻlgan plastik toʻrva topildi”, deyiladi xabarda.

    Yoʻlovchilarda tibbiy sabablarga koʻra ushbu moddalarni ishlatish zarurligini tasdiqlovchi hujjat boʻlmagan. Endi bojxona qoidabuzarlarga nisbatan qonuniy javobgarlik chorasini qoʻllash masalasini koʻrib chiqmoqda, deya xabar bermoqda Ogoh.uz