Mamlakatimizda keng ko'lamli islohotlar, avvalo, mahallalarda, har bir inson hayotida bo'y ko'rsatishini ta'minlashga ustuvor ahamiyat qaratilayotganining sababi ham shu. Joriy yilga “Inson qadrini ulug'lash va faol mahalla yili” deb nom berilib, bu borada davlat dasturi qabul qilingani mahallaning jamiyat hayotidagi o'rnini yanada mustahkamlamoqda.
Prezidentimiz raisligida shu yil 19 aprel kuni “mahallabay” ishlash tizimi natijadorligini oshirish hamda aholi bandligini ta'minlash masalalari yuzasidan o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida ham mahallalarni iqtisodiy rivojlantirish, ijtimoiy muammolarni hal qilish chora-tadbirlari muhokama qilinib, muhim vazifalar belgilangandi. Ana shu vazifalar ijrosi doirasida Bekobod tumanidagi olis hududlardan biri — “Yoshlik-2” mahallasida bajarilgan keng ko'lamli bunyodkorlik ishlari natijasida mahalla qiyofasi tubdan o'zgarib, go'zal va obod maskanga aylandi.
“Yoshlik-2” mahallasida jami 599 xonadon bo'lib, 3280 kishi yashaydi. Qishloq ahli uzoq yillardan buyon ichimlik suv muammosidan aziyat chekib kelardi. O'zgarishlar asnosida aholining ana shu muammosi hal etildi.
— Yurtimizning olis qishloqlari ko'rkam qiyofa kasb etayotganini ko'rganimda, qachon bizning mahallamiz ham ana shunday obod bo'larkan, deb orzu qilardim, — deydi mehnat faxriysi Abdusalom ota Abdunabiyev. — Chunki olis hudud bo'lgani uchun mahallamiz uzoq yillardan buyon e'tibordan chetda qolib kelayotgandi. Masalan, suv yo'qligidan aholi qiynalardi. Qish oylarida, yog'ingarchilik mavsumida asfalt qilinmagan yo'llardan oyoqlarimiz loyga botib, manzilimizga zo'rg'a etib olardik. Ayniqsa, bunday sharoitda bolajonlarimiz maktabga borib-kelishga qiynalardi. Uzoq vaqt ana shunday muammolar ichida yashadik. Yaratganga behisob shukr, u kunlar ham ortda qoldi. Ko'chalarimiz ta'mirlandi. Har bir xonadon holidan xabar olinib, kam ta'minlangan oilalarga moddiy yordam ko'rsatilmoqda. Ishsizlar bandligi ta'minlanyapti.
“Yoshlik-2” mahallacida hashar tashkil qilinib, jami 7,6 kilometr tuproq ko'chaga shag'al yotqizildi, 2800 kvadrat metr devor oqlanib, 32 tonna maishiy chiqindi olib chiqildi. 7 kilometr ichki ariq tozalandi, 1900 dan ortiq daraxt oqlandi, 2520 dona archa ko'chati ekildi, 15 dona tungi yoritish chirog'i o'rnatildi.
— Viloyat byudjeti hisobidan 1 milliard so'm yo'naltirilib, mahallamizda 150 o'rinli maktabgacha ta'lim tashkiloti qurilib, foydalanishga topshirildi, — deydi “Yoshlik-2” mahalla fuqarolar yig'ini raisi Narzullo Boboyev. — Hududimizdagi 500 o'rinli 35-umumiy o'rta ta'lim maktabi “OpenBudget” orqali 450 million so'm hisobidan qayta ta'mirlandi. Shuningdek, 5 ming kitob fondiga ega zamonaviy kutubxona tashkil qilindi. Infratuzilma yaxshilanib, mahalla guzari, go'zallik saloni, tegirmon, go'sht do'koni, avtomobillarni ta'mirlash va ularga texnik xizmat ko'rsatish ustaxonasi, veterinariya do'koni, oziq-ovqat do'konlari, bolalar o'yingohi, work-out maydonchasi, stadion, salomatlik yo'lagi barpo etildi.
Hududlardagi muammolarni “mahallabay” va “xonadonbay” o'rganish tizimi yo'lga qo'yilib, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” yuritila boshlangani o'z samarasini bermoqda. Bu tizim orqali har bir xonadonga kirib borilyapti, fuqarolarning muammosi o'rganilyapti. Tadbirkorlik, dehqonchilik, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik kabi yo'nalishlarda o'z faoliyatini yo'lga qo'ymoqchi bo'lgan fuqarolarga imtiyozli kreditlar, subsidiyalar ajratilmoqda. Bu orqali aholi bandligi ta'minlanib, oilalarning turmush farovonligi oshmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 24 noyabrdagi “Qishloq xo'jaligiga mo'ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibiga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to'g'risida”gi qarori talablari asosida dehqon xo'jaligi sifatida foydalanish uchun chiqarilayotgan yer maydonlaridan “Yoshlar daftari”da ro'yxatda turgan yoshlardan 68 nafari, “Ayollar daftari”dagilarning 4 nafariga 0,20 gektardan yer ajratildi.
— 20 sotix yer berilib, dehqonchilik bilan shug'ullanishim uchun imkoniyat yaratildi, — deydi Nurmuhammad Eshonqulov. — Bu yerga sabzi ekmoqchiman. Yoshlarning bandligini ta'minlash, ularning tadbirkorlik va dehqonchilik bilan shug'ullanishi uchun imkoniyatlar, imtiyozlar yaratib berilayotgani ro'zg'orimizga daromad olib kiradi.
Mazkur mahallada istiqomat qiladigan 12 oilaga 400 million so'm kredit hisobiga qo'y va echkilar tarqatildi. Yana shuncha oilaga 300 million so'm kredit evaziga ixcham issiqxonalar qurib berildi. Mahalladagi 4 oilaga engil konstruksiyali issiqxonalar o'rnatish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravarigacha subsidiya ajratildi.
Yana bir gap. “Har bir oila tadbirkor” davlat dasturi asosida mahallada yashovchi ishsiz fuqarolardan 5 nafariga qo'ychilik bilan shug'ullanishi uchun 30-32 million so'mdan imtiyozli kredit ajratilib, ularning o'z faoliyatini boshlashiga ko'maklashildi.
“Yoshlik-2” mahallasidagi bunyodkorliklar misolida aytish mumkinki, har bir inson islohotlar samarasini kelajakda emas, balki bugun o'z hayotida ko'rib, his qilib yashamoqda.
SHahzod G'afforov,
“YAngi O'zbekiston” muxbiri