Maʼlumki, joriy yilda Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxoʻja Behbudiy tavalludining 150-yilligi keng nishonlanadi. Mahmudxoʻja Behbudiy jadidchilik harakatining yirik namoyandalaridan biri sifatida xalqimizni zamonaviy ilm-fanga chorlagan, maʼrifatparvarlikni milliy taraqqiyotning asosiy yoʻli deb bilgan. Allomaning asarlari, pedagogik qarashlari va siyosiy faoliyati nafaqat Oʻzbekiston, balki butun musulmon sharqida yangi uygʻonish ruhini paydo qildi.

Oʻmon Sultonligi tarixida esa Sulton Qobus bin Said hazratlari ham ana shunday maʼrifatparvar inson sifatida xotirlanadi. Har ikki zot turli davr va mintaqada yashab, faoliyat olib borgan boʻlsa-da, ammo ularning gʻoyaviy qarashlari, xalqni maʼrifatli qilish borasidagi maqsadlari mushtarak edi.

Tadbirni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi oʻrinbosari, Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov hamda Oʻmonning Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Vafo bint Jabr Nosir al-Busaidiy tabrik soʻzlari bilan ochib berdi.

Anjuman davomida “Mahmudxoʻja Behbudiy ilmiy merosining oʻziga xos jihatlari”, “Sulton Qobus bin Said: zamonaviy Oʻmonning islohotchi hukmdori”, “Qobus bin Said islohotlari: yopiqlikdan zamonaviy davlatga”, “Jadidlar va Mahmudxoʻja Behbudiyning maʼrifatparvarlik va ilm-fan sohasidagi faoliyati”, “Oʻmon – anʼana va modernizatsiya chorrahasida: Sulton Qobus merosi”, “Mahmudxoʻja Behbudiy va Sulton Qobusning maʼrifatparvarlik qarashlarining oʻxshash jihatlari”, “Sulton Qobus islohotlarining jadidlar islohotlariga mosligi” kabi mavzularda maʼruzalar tinglandi.

Xabaringiz bor, davlatimiz rahbari tomonidan 2024-yil 27-dekabr kuni “Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxoʻja Behbudiy tavalludining 150-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qaror imzolangan edi. Bugungi kunda Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi tomonidan ham alloma xotirasini abadiylashtirish maqsadida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, talabalar uchun “Behbudiy” nomida stipendiya joriy etilgan, jadidchilik merosiga bagʻishlangan ilmiy anjumanlar oʻtkazilmoqda, yoshlar orasida Behbudiy asarlarini oʻqish va tadqiq etish boʻyicha maxsus davra suhbatlari yoʻlga qoʻyilgan.

Shuningdek, Oʻmon Sultonligining marhum rahbari, Sulton Qobus bin Said hazratlari oʻz yurtida amalga oshirgan islohotlari ham dunyo hamjamiyati tomonidan yuksak baholangan. Taʼlim, sogʻliqni saqlash, ijtimoiy-siyosiy sohalarda katta islohotlarni amalga oshirdi. Ayollarning taʼlim va mehnatdagi rolini qoʻllab-quvvatladi. Uning sultonlik davri tarix sahifalarida “Oʻmon uygʻonishi” deb ataladi.

Anjuman doirasida Oʻmon Sultonligining elchixonasi tomonidan tashkil etilgan tasviriy sanʼat koʻrgazmasining ochilish marosimi ham oʻtkazildi.

Oʻz muxbirimiz