Umuminsoniy demokratik qadriyatlarni, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda ularning roli ortib bormoqda. Ular faoliyati jamiyatda manfaatlar muvozanatini taʼminlashning muhim omillaridan biridir.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 26-dekabrda Oliy Majlis va xalqimizga yoʻllagan Murojaatnomasi ham ana shunday kompleks siyosiy hujjat sifatida namoyon boʻldi, deyish mumkin.

Mamlakatimizda soʻnggi yillar ichida fuqarolik jamiyatining shakllanishi va uning institutlarini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan meʼyoriy-huquqiy asoslarni takomillashtirish borasida muhim qadamlar qoʻyildi. “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi, “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi, “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni taʼminlash toʻgʻrisida”gi, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi (yangi tahrirda) Oʻzbekiston Respublikasi Qonunlari shular jumlasidandir. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti xuzurida tadbirkorlik subyektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha institut joriy etildi.

2018-yilning aprel oyida qabul qilingan “Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari jamoatchilik nazoratining asosiy subyektlari sifatida belgilab qoʻyildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yilning may oyidagi farmoni balan mamlakat Prezidenti huzurida davlat va fuqarolik jamiyatining mamlakatni yanada rivojlantirishga yoʻnaltirilgan harakatlarini muovfiqlashtirib boruvchi, zamonaviy, demokratik va ochiq maydon vazifasini oʻtaydigan Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha Maslahat Kengashi tashkil etildi.

Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasining boshqa usutvor yoʻnalishlari kabi fuqarolik jamiyati insonning huquq va erkinliklarini taʼminlashda hamda fuqarolarning jamiyat boshqaruvidagi ishtiroki darajasini yanada oshirish kabi vazifalarni hal etishda xalq bilan muloqotni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan davlatning asosiy hamkori sanaladi. Shundan kelib chiqib, mamlakatda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish, davlat va jamiyat oʻrtasida taʼsirchan hamda samarali muloqotni yoʻlga qoʻyish, davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning mustahkam mexanizmlarini rivojlantirish, ular faoliyatining ochiqligi va shaffofligini, fuqarolik jamiyati institutlari bilan samarali hamkorlikni taʼminlash, shuningdek, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida bir qator tadiblar amalga oshirilmoqda. Ular orasida eng muhimlari – ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirishdir.

2018-yilning iyul oyidan boshlab markaz va joylardagi barcha davlat oganlari huzurida fuqarolik jamiyati institutlari vakillarining bevosita ishtirokidagi jamoatchilik kengashlari tashkil etildi. Ularning zimmasiga qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarda, qarorlarda, shuningdek, davlat, tarmoq va hududiy rivojlantirish dasturlarida jamoatchilik manfaatlari va jamoatchilik fikri hisobga olinishi, fuqarolarning, yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini, jamiyat manfaatlarini himoya qilish sohasida qonun hujjatlari talablari ijrosini taʼminlash, davlat organi zimmasiga yuklangan hamda ijtimoiy va jamoatchilik manfaatlariga daxl qiluvchi vazifalar va funksiyalarni bajarish, davlat xizmatlarini koʻrsatish, ijtimoiy sheriklik doirasida amalga oshiriladigan bitimlar, shartnomalar, loyihalar va dasturlarni roʻyobga chiqarish boʻyicha davlat organi va uning mansabdor shaxslarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish kabi vazifalar yuklatildi.

2017-2019-yillarda qonun hujjatlariga kiritilgan muhim oʻzgartirishlar orqali fuqarolarning oʻz oʻzini boshqarish organlari va fuqarolik jamiyatining boshqa  institutlari ishtirokidagi qonun hujjatlarining jamoatchilik  muhokamasining majburiyligi belgilab qoʻyildi. Shuningdek, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalarini hal qilishda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini kengaytirish boʻycha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ushbu masalalarni hal etish borasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Byudjet maʼlumotlarining ochiqligini va byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini taʼminlash choar-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori muhim ahamiyatga ega hisoblanadi.

Qolaversa, mamlakatimiz rahbarining sohaga oid farmon va qarorlari asosida “Nuroniy”, “Maxalla”, Yoshlar ittifoqi, Savdo-sanoat palatasi, Fermerlar uyushmasi, Fuqarolarni oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika kengashi, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi kabi yirik jamoat tashkilotlarining faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va yanada takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Yurtboshimiz oʻz murojaatnomasida “Islohotlar samaradorligini taʼminlashda fuqarolik jamiyati institutlarining roli muhim. Shu bois ularni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha siyosat kelgusida ham izchil davom ettiriladi. Xususan, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha besh yillik strategiya ishlab chiqiladi. Ushbu institutlarga ijtimoiy buyurtma berish tizimi raqamlashtirilib, moliyalashtirish hajmi 2 karra oshiriladi”, deya qayd etib oʻtdilar.

Shuni alohida taʼkidlab oʻtish joizki, Inson huquq va erkinliklarini taʼminlash va himoya qilish sohasida ijtimoiy monitoringni tashkil etishda fuqarolik institutlari ishtirokining izchil ravishda kengaytirib borilishi natijasida aniq takliflar ishlab chiqilib, davlat organlari muhokamasiga kiritib borilmoqda.

Jumladan, fuqarolik jamiyati institutlarining Oʻzbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi, yaʼni qonun hujjatlarining taʼsirini baholash tizimida qonun loyihalari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning ijtimoiy muhokamasidagi amaliy ishtiroki kengayib bormoqda.

Shuningdek, Davlat va xususiy sektor sherikligi mexanizmining taʼsirchanligi uzoq qishloq joylar aholisi uchun davlat xizmatlaridan foydalanish borasida tegishli onlayn xizmatlarni rivojlantirishda ham koʻrinadi. Xususan, ijtimoiy sheriklik amaldagi qonunchilik bilan belgilangan oʻzini oʻzi boshqarish organlarida davlat xizmatlari markazi faoliyati toʻgʻrisida batafsil maʼlumot joylashtirish, uzoq joylarda davlat xizmatlarini koʻrsatish uchun mobil markazlarni tashkil etish kabi vazifalarni hal qilishda muhim rol oʻynaydi.

Xulosa oʻrnida shuni taʼkidlab oʻtish mumkinki, aholining turli guruhlarini birlashtirgan, ularning qonuniy manfaatlarini ifodalagan holda fuqarolik jamiyati institutlari muhim ijtimoiy diagnostika vazifasini bajaradi. Ushbu vazifa doirasida aholi farovonligiga taʼsir etuvchi muhim omillarni belgilab, ijtimoiy ahamiyatga ega qarorlar ishlab chiqish hamda aholiga xizmatlarning yangi turlari va ularni taqdim etish mexanizmlarini takomillashtirish mumkin boʻladi.

Sh.Shayakubov,
TDYU dotsenti