Mustaqillik oʻzi nima? Mustaqillik bu – shu mamlakatda yashayotgan har bir insonning oʻz huquq va erkinliklarining roʻyobga chiqishidir.
Bugun muqaddas ona zaminimizning mustaqil boʻlganiga, oʻzining erkin taraqqiyot yoʻlini tanlaganiga ham 33-yil toʻldi. Mana shu qisqa muddat ichida mamlakatimizdagi oʻzgarishlarni faxr bilan tilga olishimiz mumkin. Mustaqillik yurtimizda huquqiy demokratik davlat va erkin fuqarolik jamiyatini barpo etish imkoniyatini berdi. Oʻzbekiston Respublikasining mustaqilligi eʼlon qilingan sanadan boshlab, yurtimiz fuqarolari oʻz taqdirlarining haqiqiy egalari boʻlishni, oʻz qadr-qimmatini toʻliqroq anglashni va eng muhimi, baxtli hayot kechirishni oʻrgandi.
Bugungi kunda Prezidentimizning oqilona siyosati tufayli mamlakatimizda barcha ustuvor yoʻnalishlar jadal rivojlanmoqda, desak aslo mubolagʻa boʻlmaydi. Soʻnggi besh yilda Prezidentimiz tomonidan qator davlat dasturlari, konsepsiyalar va milliy strategiyalar qabul qilinishi samarasida iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida muhim natijalar qoʻlga kiritildi.
Shuningdek, bugun mamlakatimiz fan, taʼlim, sport va yana koʻplab sohalarda yuqori marralarni zabt etishda davom etib kelmoqda. Birgina taʼlim sohasidagi oʻzgarishlarni tahlil etar ekanmiz, oliy taʼlim tizimidagi yoshlarga berilayotgan imkoniyatlarni eʼtirof etmasak boʻlmaydi. Yoshlarni oliy taʼlimga qabul qilishda ham bir necha oʻzgartirish va qulayliklar kiritilganligining oʻzi ham yoshlarga berilgan imkoniyat hisoblanadi.
Jumladan, oldingi yillarda kvotalar soni oliy taʼlim muassasalari kesimida shakllangan boʻlsa, joriy yildan boshlab taʼlim yoʻnalishlari kesimida eʼlon qilinadigan boʻldi. Bu jarayonda iqtidorli yoshlar oʻzlari tanlagan yoʻnalish doirasida imtihon jarayonida ishtirok etadilar va keyingi bosqichga oʻtgan talabalargina oliy taʼlim muassasasini tanlash imkoniyatini qoʻlga kiritadilar.
Yangi oʻquv yilidan boshlab davlat granti talabalar uchun taʼlim granti sifatida beriladi hamda bu grant har yili talabalarning oʻquv jarayonidagi aʼlo baholari va koʻrsatkichlariga qarab qayta taqsimlanadi. Bu esa talabalar oʻrtasida erkin bilim raqobatini oshishiga va taʼlim jarayonida talabalarning oʻz ustilarida yanada yaxshi ish olib borishlariga zamin yaratadi.
Jonajon ona vatanimiz hisoblangan Oʻzbekistonimizda inson qadri va qimmati, shaʼni va gʻururini yuksak pogʻonaga koʻtarilayotgani hamda bu borada har sohada chuqur islohotlar olib borilayotganligi yurtimiz tinchlik va osoyishtalikka erishganligidan dalolatdir.
Nizomiddin QULDASHEV,
Fargʻona davlat universiteti
Tilshunoslik kafedrasi mudiri,
filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori, dotsent.
Hamkorlik materiali