O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspektsiyasi Toshkent viloyati boshqarmasida joriy yilning  9 oyi doirasida sohada olib borilgan islohotlar, yutuq va kamchiliklarga bag'ishlangan matbuot anjumani bo'lib o'tdi.

Anjumanda soha mutaxassislari tomonidan  O'zbekitson Respublikasi Prezidentining 2019-yil 15 martdagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspektsiyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi, uning ahamiyati haqida jurnalistlarga batafsil  ma'lumot berildi.

Tadbirda ta'kidlab o'tilganidek, boshqarma va tuman bo'limlari tomonidan joriy yilning 9 oyi davomida jami 10 ming 855 ta nazorat tadbirlari o'tkazilib, aniqlangan qonubuzilish holatlari yuzasidan 1 ming 732 ta ma'muriy ishlar, 473 ta moliyaviy sanktsiyalar, 529 ta to'plangan materiallar qonuniy qaror qabul qilish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.

Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, bajarilishi lozim bo‘lgan  amaldagi vazifalar va tadbirlarni o'z vaqtida  olib borilishini ta'minlash borasida   keng ko'lamli maqsadli  ishlar uyushqoqlik bilan olib borilgan.

Matbuot anjumanida soha mutaxassislari paxta xomashyosi, don urug'lar va ularni qayta ishlashdan olingan mahsulotlardan foydalanishni nazorat qilish borasidagi  ishlar xususida ham to'xtalib o'tishdi.

– O‘z vaqtida yig'ishtirib olingan don mahsulotlari va paxta hosilini qayta ishlanishi boshqarma va tuman bo'limlari tomonidan o'tkazilgan nazorat tadbirlarida aniqlangan qonun buzilishlari bo'yicha 9 ta ma'muriy qarorlar qabul qilindi, – deydi Inspektsiyaning Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig'i o'rinbosari O'lmas Nurbekov. – Olib borilgan tekshirish va tahlillar asosida, 42 ta materiallar sudlarga yuborilgan va 159 ta yozma ko'rsatma, 3 ta taqdimnomalar mahalliy hokimliklar hamda tashkilotlarga kiritilgan. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, bajarilishi lozim bo'lgan tadbirlarni o'z vaqtida o'tkazilishini ta'minlash maqsadida 306 ta ogohlantiruvlar berildi.

Anjuman doirasida  qishloq xo'jaligi texnikalari holati va agrotexnik tadbirlarni nazorat qilish borasidagi ishlar ham muhokama etildi.

Inspektsiyaning hududiy bo'limlari tomonidan mavjud traktorlar, traktor tirkamalari, melioratsiya va yo'l qurilish texnikasi, o'zi yurar mashinalar hamda qishloq xo'jaligi texnikalari sonining shu kungacha 26 ming 672 tasining elektron bazasi shakllantirilgan.

Jumladan, joriy yil davomida viloyat bo'yicha jami 3397 ta har xil turdagi qishloq xo'jaligi texnikalari, shundan 2653 ta traktorlar, o'zi yurar texnikalar, tirkamalar va 744 ta qishloq xo'jaligi agregatlari ro'yxatga olingan.

Ushbu texnikalarga jami 2 584 ta davlat raqami belgilari berilgan. SHuningdek, 925 ta texnikalar ro'yxatdan, 75 tasi hisobdan chiqarilgan. 13 ming 350 ta texnikalar, shundan 10 350 ta traktorlar, o'zi yurar texnikalar, tirkamalar va 3 000 ta qishloq xo'jaligi mashinalari majburiy texnik ko'rikdan o'tkazilgan.

Tadbir mulohza, munozara va qizg'in fikrlarga boy tarzda yakunlandi.

Gulichehra DURDIEVA,

“YAngi O'zbekiston” muxbiri