1992-yil 8-dekabrda qabul qilingan asosiy qonunimiz mamlakatimizning davlat tuzilishi, iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyoti yo‘nalishlarini belgilashda mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda. 2023-yilda Konstitutsiyamiz yangi tahrirda qabul qilinib, muhim islohotlarning ko‘zgusiga aylandi. Konstitutsiyaviy islohotlar davomida xalq bilan maslahatlashuv jarayonlariga katta ahamiyat berilgan. 2023-yilda o‘tkazilgan referendumda 90 foizdan ortiq saylovchilar ishtirok etdi, bu esa xalqning islohotlarga bo‘lgan yuksak qiziqishini aks ettiradi. Referendum orqali tasdiqlangan ushbu tahrir sababli Konstitutsiyamizga ko‘plab yangi normalar va hatto alohida boblar qo‘shilgani barchamizga ayon. Ushbu o‘zgarishlar yangi O‘zbekistonning rivojlanish talablariga javob berish bilan birga, fuqarolarning huquq va erkinliklarini kengaytirish, ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlash va davlat boshqaruvi mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan. Bu jarayonlar bosqichma-bosqich amalga tadbiq qilinayotgani barcha sohalarda ko‘zga tashlanadi. Demak, konstitutsiyamizda muqaddam 128 ta modda bor edi. Hozirga kelib esa ular 155taga yetdi. Bundan tashqari normalar soni ham 275dan 434taga ko‘paydi. Bu esa qomusimizda jamiyatimizdagi dolzarb masalalarga yanada aniqlik kiritilganligidan dalolat beradi.
Davlatimiz rahbari ham yangilangan Konstitutsiyamizning muhim jihatlarini ta’kidlab o‘tgan va uni ishlab chiqishda xalqning faol ishtirokini alohida e’tirof etgan. “Konstitutsiyamiz loyihasini muhokama qilishdan boshlab to uni qabul qilguncha bo‘lgan davrda o‘tkazilgan umumxalq muhokamalarida millionlab yurtdoshlarimiz faol ishtirok etdilar. Shu nuqtai nazardan qaraganda, yangilangan Konstitutsiyamizning chinakam muallifi xalqimiz bo‘ldi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor. Eng muhimi, endi islohotlarimiz yo‘lidan hech qachon ortga qaytmaymiz, “inson – jamiyat – davlat”, degan yangi tizim asosida faqat va faqat oldinga qarab boramiz”, - deya ta’kidlab o‘tgan edi Prezidentimiz. Davlat va xalq o‘rtasidagi bu yaqinlik, ishonch va hamjihatlik O‘zbekistonning kelajakdagi rivojlanishiga mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Kelajakda yangilangan Konstitutsiya asosida amalga oshiriladigan islohotlar davlatni yanada demokratik, huquqiy va ijtimoiy yo‘nalishga olib chiqishi kutilmoqda. Xalqning bu jarayondagi faol ishtiroki esa har bir fuqaroning o‘z hayotini yaxshilashdagi mas’uliyatini va davlatning xalq manfaati uchun xizmat qilish majburiyatini yanada oshiradi.
2023-yilda Konstitutsiyaning yangi tahriri qabul qilinishi xalqaro hamjamiyatda ham e’tirof etilgan muhim qadam bo‘ldi. Ushbu tahrirda inson huquqlari va erkinliklari himoyasiga alohida e’tibor qaratildi. Misol uchun Konstitutsiyamizning 20-moddasida ham qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etilishi belgilab qo‘yilgan. Ya’ni ushbu norma ziddiyat yoki noaniqlik mavjud bo‘lgan huquqiy vaziyatlarda fuqarolarning manfaatlarini e’tiborda tutish orqali qonunchilikka bo‘lgan ishonchni oshirishga yordam beradi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ekologik xavfsizlik, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ta’lim tizimini rivojlantirish kabi ustuvor yo‘nalishlar aniq belgilangan. Masalan, 2023-yilda O‘zbekistonda maktabgacha ta’limga qamrov darajasi 62 foizga yetgani davlat tomonidan ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini ko‘rsatadi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ijrosini ta’minlash va mamlakatni rivojlantirish maqsadida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu islohotlar yangi konstitutsiyaning inson manfaatlariga asoslangan, ijtimoiy davlat tamoyillarini qaror toptirishga qaratilganligini amalda isbotlamoqda. Ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya va iqtisodiy sohalardagi yangiliklar fuqarolar hayot sifatini yaxshilashga xizmat qilmoqda. Yangi Konstitutsiya nafaqat davlatning hozirgi vazifalarini aniqlashtirdi, balki kelajakda fuqarolarga keng imkoniyatlar taqdim etish uchun mustahkam asos yaratdi. Davlatning ijtimoiy majburiyatlari kengaygani sababli har bir fuqaro o‘z huquqlarini himoya qilish va imkoniyatlardan foydalanish uchun yanada ko‘proq sharoitga ega bo‘ladi. Sifatli ta’lim va tibbiyot, munosib mehnat sharoitlari, ijtimoiy tenglik tamoyillari esa aholini yanada farovon hayot kechirishiga zamin yaratadi.
Rasulova Mahbuba,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Xorijiy tillar kafedrasi katta o‘qituvchisi