Islohotlarni amalga oshirishda istiqbolli tashabbuslarni yanada qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

    Hujjatlar 15 Iyul 2025 3750

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

    Mamlakatning iqtisodiy va ijtimoiy oʻsishini taʼminlash jarayonida keng aholi qatlamining ishtirokini hamda ularning turli sohalardagi istiqbolli tashabbuslarini ragʻbatlantirish va innovatsion faolligini yanada oshirishning samarali mexanizmlarini joriy qilish maqsadida qaror qilaman:

    I. Maqsadlar

    1.Quyidagilar aholining istiqbolli tashabbuslarini ragʻbatlantirish chora-tadbirlarining asosiy maqsadlari etib belgilansin:

    a) samarali va xalqchil islohotlarni amalga oshirishda keng jamoatchilik va jamiyatning turli qatlamlari vakillari, xususan, yetuk mutaxassislar, yoshlar, tadbirkorlar, faol fuqarolar va vatandoshlarning (keyingi oʻrinlarda – keng aholi qatlami) ishtirokini qoʻllab-quvvatlash;

    b) mamlakat raqobatbardoshligini oshirish, yangi texnologiyalar va ilm-fan yutuqlarini integratsiya qilish;

    v) istiqbolli tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida keng aholi qatlami uchun ochiq muloqot maydonini yaratish;

    g) zamonaviy, ilgʻor gʻoyalar va istiqbolli tashabbuslarni saralash va tanlab olishning samarali mexanizmlarini joriy qilish.

    II.“Kelajak uchun” istiqbolli tashabbuslar forumini oʻtkazish

    2. 2025-yildan boshlab har yili «Kelajak uchun» istiqbolli tashabbuslar forumini (keyingi oʻrinlarda – Forum) oʻtkazib borish amaliyoti joriy qilinsin.

    3. Belgilansinki:

    a) Forum “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan maqsadli koʻrsatkichlarga erishish jarayonida keng aholi qatlamining istiqbolli tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashga hamda ularning faolligini ragʻbatlantirish va keng targʻib qilishga qaratilgan;

    b) Forum oʻtkaziladigan ustuvor yoʻnalishlar har yili “Kelajak uchun” istiqbolli tashabbuslar forumiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita (keyingi oʻrinlarda – Tashkiliy qoʻmita) tomonidan belgilab beriladi;

    v) Forumga umumiy tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish Tashkiliy qoʻmita, istiqbolli tashabbuslarni baholash Mentorlar kengashi tomonidan amalga oshiriladi;

    g) Strategik islohotlar agentligi Forumga kelib tushgan istiqbolli tashabbuslarni yigʻish, ularning yagona roʻyxatini shakllantirish, maxsus kraud platformaga joylashtirish va eʼlon qilib borishga hamda Forum natijasi boʻyicha maʼqullangan istiqbolli tashabbuslarning masʼul vazirlik va idoralar tomonidan amalga oshirilishini muvofiqlashtirishga masʼul hisoblanadi;

    d) Forumni oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar 2025-yilda Strategik islohotlar agentligini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan, 2026-yildan boshlab Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutib boriladi;

    ye) Forumni oʻtkazish joyini tegishli vositalar (bannerlar, videoroliklar, ekranlar, aloqa va boshqa vositalar) bilan taʼminlash «Interforum» DUK tomonidan amalga oshiriladi;

    j) Forumning endaument fondi ixtiyoriy mablagʻlar asosida shakllantiriladigan fond sifatida tashkil etiladi;

    z) Forumda maʼqullangan istiqbolli tashabbuslarni tijoratlashtirish va moliyalashtirishga «Biznesni rivojlantirish banki» ATB va boshqa tijorat banklari, shuningdek, Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi masʼul hisoblanadi.

    III. Tashkiliy chora-tadbirlar

    4. Quyidagilar:

    a) “Kelajak uchun” istiqbolli tashabbuslar forumiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita tarkibi 1-ilovaga muvofiq;

    b) “Kelajak uchun” istiqbolli tashabbuslar forumining mentorlar kengashi tarkibi 2-ilovaga muvofiq;

    v) “Kelajak uchun” istiqbolli tashabbuslar forumini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizom 3-ilovaga muvofiq;

    g) “Kelajak uchun” istiqbolli tashabbuslar forumini 2025-yilda oʻtkazish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar rejasi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    5. Belgilansinki:

    a) Forumga tayyorgarlik jarayonida kelib tushgan istiqbolli tashabbuslar top-50 va top-10 talik tartibida saralanadi;

    b) Mentorlar kengashi tomonidan top-10 deb topilgan eng dolzarb istiqbolli tashabbuslar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti ishtirokida oʻtkaziladigan Forumning yalpi majlisida muhokama qilinadi;

    v) Forumning yalpi majlisini oʻtkazish yakunlari boʻyicha maʼqullangan istiqbolli tashabbuslarni amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqiladi;

    g) chora-tadbirlar rejasiga kiritilgan istiqbolli tashabbuslarni amalga oshirish uchun kredit va grantlar ajratilishi, soliq, bojxona va boshqa ragʻbatlantirish choralari qoʻllanishi mumkin;

    d) Forum doirasida kelib tushgan boshqa tashabbuslar Vazirlar Mahkamasiga davlat dasturlarini, tegishli soha, tarmoq

    yoki hududlarni rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlarni shakllantirish maqsadida yuboriladi hamda Hukumat tomonidan ularni amalga oshirish yuzasidan zarur choralar koʻriladi.

    6. Strategik islohotlar agentligi (B.Raxmatov) hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi (Sh.Shermatov) Iqtisodiyot va moliya vazirligi (I.Norqulov), “Biznesni rivojlantirish banki” ATB (S.Annaklichev) va “Interforum” DUK (B.Zufarov) bilan birgalikda ikki oy muddatdaForumda ishtirok etishni xohlovchi shaxslarni ochiq elektron roʻyxatga olish, anketa toʻldirish, istiqbolli tashabbusning profili va kun tartibi, dasturi, ishtirok etish shartlari, shuningdek, boshqa maʼlumotlar olish imkoniyatini beruvchi kraud platformasi yaratilishini va ishga tushirilishini taʼminlasin.

    7. Tashkiliy qoʻmita (B.Raxmatov):

    a) 2025-yilda oʻtkaziladigan Forumning ustuvor yoʻnalishlarini belgilasin;

    b) ikki oy muddatda Forumni 2025-yilda oʻtkazishning aniq sanasi va joyi haqida taklif kiritsin;

    v) Forumni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar rejasining sifatli va oʻz vaqtida bajarilishini, shuningdek, masʼul ijrochilar faoliyati muvofiqlashtirilishini taʼminlasin.

    8. Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi va Oʻzbekiston milliy axborot agentligi Forumni oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish bilan bogʻliq tadbirlarni ommaviy axborot vositalarida, jumladan, internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritilishini taʼminlasin.

    IV.Farmon ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat

    9. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Strategik islohotlar agentligi direktori B.B. Raxmatov belgilansin.

    10. Farmon ijrosini muhokama qilib borish, masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yordamchisi B.M. Mavlonov zimmasiga yuklansin.


    Oʻzbekiston Respublikasi

    Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV


    Toshkent shahri,

    2025-yil 14-iyul