Dunyo hamjamiyati mamlakatimizda buyuk muhaddis Imom Buxoriy va boshqa mutafakkir allomalar qoldirgan boy ma'naviy xazinani asrab-avaylash va kelgusi avlodlarga to'la-to'kis etkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga yuksak baho berayotgani bejiz emas.
Zero, xayrli harakat — buyuk ajdodlarimizning nomlarini yanada ulug'lash, beqiyos ma'naviyat xazinalaridan bahramand bo'lish va nomlarini abadiylashtirish borasidagi savobli ishlar zamirida yosh avlodni o'z vataniga fidoyi insonlar qilib tarbiyalash, ajdodlaridan faxrlanish hissini kuchaytirishdek oliy maqsadlar mujassam.
2017-yil 27-mart kuni Prezidentimizning “O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori imzolangan edi.
Markaz muqaddas islom dini rivojiga beqiyos hissa qo'shgan, hadis ilmi sultoni, buyuk vatandoshimiz Imom Buxoriyning ulkan merosini ilmiy asosda o'rganish, xalqimiz va jahon jamoatchiligiga targ'ib etish, azaliy milliy qadriyatlarimizni saqlash va ulug'lash asosida yosh avlodning ruhiy va ma'naviy olamini boyitish, imon-e'tiqodini mustahkamlash, ularning qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg'ularini yanada kuchaytirish maqsadida tashkil etilgan.
– Markaz tomonidan buyuk allomalarimiz merosini o'rganish, keng targ'ib etish, nufuzli xalqaro markazlar bilan hamkorlikni yo'lga qo'yish bo'yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi markaz direktori Shovosil Ziyodov. – Birgina 2022-yil mobaynida Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya tanlovining xorijiy tadqiqotchilardan iborat 6 nafar g'olibi markazda ilmiy stajirovka o'tadi. Shuningdek, markaz Malayziya islom ilmiy universiteti va Turkiyaning Pamukkale universiteti bilan anglashuv memorandumlari imzoladi. Bular qatoriga xorijdagi hamkorlarimiz bilan tashkil etilgan turli mavzulardagi 8 ta xalqaro ilmiy-amaliy anjumanni ham qo'shish mumkin.
Bundan tashqari, markaz tashabbusi bilan Shveytsariya, Turkiya, Italiya va Birlashgan Arab Amirliklarida “Imom Buxoriy asarlari misolida islom san'ati ko'rgazmasi”, “Islom xattotligi”, “Qur'oni karimning O'zbekiston fondlarida saqlanayotgan qadimiy nusxalari” kabi mavzularda xalqaro ko'rgazmalar hamda “Movarounnahrda kitobat madaniyati” mavzusida islom amaliy san'ati turlari bo'yicha festival` va savdo yarmarkasi tashkil etildi.
– Islom ta'limoti, tarixi va madaniyatiga oid yurtimiz kitob fondlarida saqlanayotgan qo'lyozma asarlarni dolzarbligi bo'yicha tasniflash va o'rganish, O'rta Osiyodan etishib chiqqan mutafakkir va allomalarning mamlakatimiz va xorijiy davlatlarda saqlanayotgan asarlarini jamlash va tadqiq etish yo'nalishida aholidan 2 ta qo'lyozma va 7 ta toshbosma asar hadya sifatida qabul qilib olindi, – deydi tarix fanlari doktori, professor Baxtiyor To'raev. – Markazda jismoniy va yuridik shaxslarda islom diniga oid saqlanayotgan qadimiy, noyob qo'lyozma asarlarni xarid qilish bo'yicha ishlar yo'lga qo'yilgan bo'lib, so'nggi paytlarda shu yo'l bilan islom diniga oid 44 ta qo'lyozma kitob jamlandi.
Markaz mutaxassislari sa'y-harakatlari bilan Imom Buxoriyning “Jomi' as-sahih” asarining xorijiy davlatlar qo'lyozma fondlarida saqlanayotgan 220 ta qo'lyozma nusxasi ro'yxati shakllantirildi. Imom Buxoriyning mahalliy va xorijiy qo'lyozma fondlarida saqlanayotgan 2 ming 838 ta asari reestri tuzildi.
Markaz qo'lyozmalar fondida saqlanayotgan 69 ta kitobning elektron nusxasi tayyorlandi. “O'zbekiston madaniy merosi dunyo to'plamlarida” turkumidagi 35 jilddan iborat kitob-al`bom olib kelindi. Manbalar xazinasida saqlanayotgan 600 ta qo'lyozma va 750 ta toshbosma kitob muhrlandi va inventar` kitoblarga kiritildi.
– Markazning joriy yilga ham istiqbolli reja va yirik loyihalari salmoqli, – deydi muassasa matbuot xizmati rahbari Sherzod Mamatov. – Xorijiy mamlakatlarning arxiv va kutubxona fondlarida saqlanayotgan, ajdodlarimiz qalamiga mansub qo'lyozma asarlarning elektron nusxalarini olish uchun Tashqi ishlar vazirligi, diplomatik vakolatxonalar orqali fondlar bilan aloqalar yo'lga qo'yilib, o'zbekistonlik mutaxassislarning ushbu muassasalarga ilmiy safarlari tashkil etiladi. Markaz huzuridagi muzey yangi eksponatlar bilan boyitiladi.
Shuningdek, ma'naviy-ma'rifiy targ'ibot yo'nalishida “Imom Buxoriy avlodlari” nomli maqolalar tanlovi o'tkaziladi. Qozog'iston, Turkiya, O'mon, Jazoir kabi davlatlardagi yangi ilmiy tadqiqot markazlari bilan turli yo'nalishlarda hamkorlik aloqalari kuchaytiriladi.
Markaz ilmiy xodimlari Oksford islom tadqiqotlari markazida malaka oshirishga yo'naltiriladi, shu bilan birga, Turkiyadagi Istanbul Sabahitdin Zaim universiteti va Islomni anglash instituti, Rossiya Federatsiyasidagi Bulg'or islom akademiyasi bilan xodimlar almashinuvi yo'lga qo'yiladi.
Nodir MAHMUDOV,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri