Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova Islom Taraqqiyot Banki Markaziy Osiyo mintaqaviy vakolatxonasi taʼlim shoʻbasi rahbari Muhammad Mirzai Kahagi, Taʼlim uchun global hamkorlik (GPE) tashkilotining hududiy rahbari Lina Benete hamda YUNICEF tashkilotining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mammedzade bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida tomonlar Islom taraqqiyot banki tomonidan ajratilishi rejalashtirilayotgan mablagʻdan foydalanishda asosiy vazifalar hamda rejalarni belgilab olishdi.
Muzokaralar natijasiga koʻra, Islom taraqqiyot banki tomonidan taʼmirtalab maktablarda taʼmir ishlarini amalga oshirish, yangi maktablar va sportzallar qurishga mablagʻ ajratilishiga kelishib olindi.
Mazkur soha uchun GPE tomonidan ham qoʻshimcha mablagʻ ajratilishi koʻzda tutilgan.
Maʼlumot uchun, hozirgi kunda yurtimizda faoliyat koʻrsatayotgan 10104 ta maktablar jami 5,2 million oʻquvchi oʻrniga ega boʻlsa-da, amalda ushbu maktablarda 6,3 million oʻquvchi tahsil olmoqda.
Hozirda taʼmirtalab maktablar soni 1250 tani tashkil etadi.