200 mln dollarlik birinchi loyiha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, shuningdek, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarida bir qator infratuzilmaviy va ijtimoiy obyektlarni modernizatsiya qilishni koʻzda tutadi. Loyiha doirasida 1161 km suv taʼminoti tizimlari, 626 km massiv ichidagi va massivga olib boruvchi yoʻllar, 1154 km past kuchlanishli elektr liniyalari, 693 km irrigatsiya va drenaj tarmoqlari, 155 oʻquv, tibbiy va 100dan ortiq boshqa inshootlarni qurish va rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Loyihaning amalga oshirilishi 710 mingdan ortiq kishining turmush sharoitini yaxshilash bilan birga, ushbu hududlarning barqaror rivojlanishiga ham sezilarli taʼsir koʻrsatadi.

Bank tomonidan 80 mln dollar ajratilayotgan ikkinchi loyiha mahalliy klinikalarni zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash orqali saraton kasalligiga chalingan bemorlarga tibbiy xizmat koʻrsatish tizimini har tomonlama takomillashtirish dasturining ikkinchi bosqichini amalga oshirishni koʻzda tutadi. Loyihaning amalga oshirilishi saraton kasaligini erta bosqichlarda aniqlashni yoʻlga qoʻyish va umuman davolash sifatini yaxshilash imkonini beradi: 1,8 mln nafardan ortiq ayollar diagnostika skriningdan oʻtishga va 150 ming saraton bilan kasallangan bemorlar sifatli tibbiy yordam olishga muvaffaq boʻladilar. Qayd etish joizki, avvalroq mazkur dasturning birinchi bosqichi doirasida Islom taraqqiyot banki tomonidan 37 mln dollar miqdorida mablagʻ ajratilgan edi.

ITB Respublikada amalga oshirilayotgan islohotlarni amalga oshirishda Oʻzbekistonning ishonchli hamkoridir. 1994-yildan boshlab yillar davomida hamkorlik qilish doirasida ITB tomonidan 2 mlrd dollardan ortiq mablagʻ taqdim etildi va ular hisobiga oʻnlab yirik investitsiyaviy loyihalar amalga oshirildi.

Shuningdek, ITB bilan 2021-yilda Boshqaruvchilar Kengashining 46chi Yillik yigʻilishini oʻtkazish boʻyicha kelishuvga erishildi, unda Bankka aʼzo 57 mamlakatdan delegatsiyalar, xalqaro tashkilotlar, xorijiy kompaniyalar, moliyaviy tuzilmalar va jamoat birlashmalari rahbarlari ishtirok etadi.

Respublikada ushbu miqyosdagi tadbirni oʻtkazish ITB bilan hamkorlikning yuqori darajada yoʻlga qoʻyilganligidan dalolat beradi, shuningdek, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining barcha sohalaridagi ijobiy tendensiya va oʻzgarishlarga xalqaro hamjamiyat eʼtiborini jalb etadi.