Islom taraqqiyot bankining 46 yillik anjumani ochilishiga bagʻishlangan matbuot-anjumani boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 3 Sentabr 2021 845

    Islom taraqqiyot banki (ITB) Boshqaruvchilar Kengashining 46 yillik anjumani doirasida rejalashtirilgan qator tadbirlarning ochilishiga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Tadbirda ITB Prezidenti Muhammad al-Jassir va Bank Guruhi Boshqaruvchilar Kengashi raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov soʻzga chiqdi. Shuningdek, tadbir chogʻida Saudiya Arabistoni Podshohligining investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih videomurojaat yoʻlladi.

    Tadbir davomida jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillariga BMT barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq 2020-yilda Bankka aʼzo mamlakatlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ragʻbatlantirish, koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq muammo va cheklovlarni hal etishda aʼzo mamlakatlarni qoʻllab-quvvatlash borasida ITB guruhi tomonidan erishilgan natijalar hamda bu yil Bank oldida turgan vazifalar haqida maʼlumot berildi.

    Soʻzga chiqqanlar joriy yilda “Chora koʻrish, tiklash, qayta ishga tushirish” shiori ostida oʻtkazilayotgan Yillik anjuman Bankka aʼzo mamlakatlarga iqtisodiy oʻsishni taʼminlash, investitsiyalarni jalb etishni ragʻbatlantirish va xalqaro savdoni rivojlantirish bilan bogʻliq bir qator dolzarb muammolarni hal etish masalalaridan iborat umumiy kun tartibini ishlab chiqish uchun imkoniyat yaratayotganini taʼkidladilar.

    Tadbir doirasida ITBning 2020-yildagi faoliyati yakunlari boʻyicha hisobot daydjesti taqdim etildi. Xususan, 2020-yilda pandemiya bilan bogʻliq muammolarga qaramay, jami ITB va uning shoʻba korxonalari Bankka aʼzo mamlakatlarda barqaror rivojlanishni qoʻllab-quvvatlash uchun 6,8 milliard dollarga yaqin mablagʻ ajratgani qayd etildi. Bundan tashqari, Strategik tayyorgarlik va javob dasturi doirasida pandemiya oqibatlarini bartaraf etishda aʼzo mamlakatlarga yordam berishga qaratilgan 2,3 milliard dollarlik alohida moliyalashtirish paketi shakllantirildi.

    Videokonferensiya davomida ommaviy axborot vositalari vakillari kun tartibi doirasida dolzarb mavzularda savollar berish va maʼruzachilar bilan muloqot qilish imkoniga ega boʻldilar. Xususan, jurnalistlarni ITBning Oʻzbekiston bilan hamkorlikni kengaytirish istiqbollari, yangi qoʻshma tashabbus va loyihalar, shuningdek, mamlakatdagi tijorat banklari va xususiy kompaniyalarni moliyalashtirish uchun ITB vositalarini joriy etish shart-sharoitlari qiziqtirdi.

    Matbuot anjumani yakunida bir qator hujjatlarning imzolash marosimi boʻlib oʻtdi. Xususan, Oʻzbekistonning Iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish jamgʻarmasini tashkil etish boʻyicha hamkorlik salohiyati toʻgʻrisida Memorandum imzolandi. Jamgʻarmaning maqsadlari yoshlar va ayollar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, kichik va oʻrta biznes hamda startap loyihalariga investitsiyalar kiritishdan iborat boʻladi. Kelgusida kapitali 500 million dollarga yetkazilishi rejalashtirilgan jamgʻarma tadbirkorlarga yangi loyiha va tashabbuslarni yoʻlga qoʻyishda moliyaviy-texnik yordam koʻrsatishning samarali platformasiga aylanishi kutilmoqda. Jamgʻarma aksiyadorlari ITB, shuningdek, Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni hukumatlari boʻladi.

    Jamgʻarma Oʻzbekiston hukumatining kambagʻallikni qisqartirish borasidagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlaydi. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, jamgʻarma faoliyati kelajakda mamlakatda 100 mingdan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratadi va Oʻzbekistonda 34 mingga yaqin kichik va oʻrta biznes subyektlari faoliyatini tiklashni qoʻllab-quvvatlaydi.

    Shuningdek, Islom taraqqiyot banki hamda Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi oʻrtasida tegishli rejalar toʻgʻrisidagi xatlar bilan almashildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.