Islom sivilizatsiyasi markazida yangi loyihalarga qoʻl urilmoqda

    Madaniyat 24 Iyun 2025 685

    Poytaxtimizda Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda Kengash aʼzolari, ishchi guruh rahbarlari, xalqaro mutaxassislar hamda loyihalar ijrochilari faol ishtirok etdi.

    Majlis doirasida 2025-yil 29-yanvar kuni Prezidentimizning mazkur markazga amalga oshirgan tashrifi chogʻida berilgan topshiriqlar, ular asosida ishlab chiqilgan yangilangan konsepsiya, 11-mart kuni oʻtkazilgan Vasiylik kengashining kengaytirilgan yigʻilishi bayonnomasi, shuningdek, iyun oyida qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining farmoyishida belgilangan vazifalar ijrosi atroflicha tahlil etildi.

    Tadbirni markaz kengaytirilgan Ilmiy kengashi raisi Firdavs Abduxalikov ochib berdi. U oʻz soʻzida markazning ilmiy va maʼrifiy faoliyatini yanada rivojlantirish, xususan, muzey ekspozitsiyasi hamda kutubxona fondini boyitish muhim ekanini taʼkidladi. Shu bilan birga, markazning ochilish marosimini yuqori saviyada, yuksak tashkilotchilik asosida oʻtkazish boʻyicha belgilangan vazifalarga ham alohida eʼtibor qaratdi.

    Yana bir muhim yangilik sifatida, Abduxalikov xalqaro “TURKSOY” tashkiloti bilan hamkorlikda markaz qoshida Kalligrafiya maktabi tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishilganini eʼlon qildi. Undan soʻng soʻz “TURKSOY” bosh kotibi Sulton Rayevga berildi. Rayev mazkur loyiha ikki davlat oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarning samarasi ekanligini taʼkidlab, bu tashabbus nafaqat Oʻzbekiston, balki butun turkiy xalqlar uchun quvonchli voqea ekanligini bildirdi. Uning soʻzlariga koʻra, ushbu maktabda taniqli xattotlar dars beradi va oʻquv jarayonlari zamonaviy talablarga javob beradigan darajada tashkil etiladi. Bu tashabbus mamlakat rahbarining “Uchinchi Renessans” gʻoyalari bilan chambarchas bogʻliq ekani bilan ham ahamiyatlidir. Shundan soʻng “TURKSOY” va Islom sivilizatsiyasi markazi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

    Kun tartibidagi yana bir asosiy masala — markaz huzurida Ilmiy restavratsiya laboratoriyasi tashkil etish boʻyicha taqdimotlar boʻldi. Dastlab Rossiyaning Ermitaj muzeyi qoshidagi laboratoriya rahbari Igor Malkiyel loyiha tafsilotlari bilan tanishtirdi. Unga koʻra, kelgusida tashkil etiladigan restavratsiya markazi 814,5 kvadrat metr maydonni egallab, 9 ta ixtisoslashgan laboratoriyadan iborat boʻladi. Bir yilda 1000 ga yaqin tarixiy eksponatni qayta tiklash imkoni yaratiladi. Ushbu eksponatlarning asosiy qismini nodir qoʻlyozmalar tashkil etishi, shu bilan birga, soʻzana va kashtachilik namunalari ham katta ahamiyatga ega ekani qayd etildi. Loyiha doirasida mahalliy mutaxassislarni jalb etish, zamonaviy uskunalar va 3D texnologiyalari asosida yoʻqolgan ashyolarni skanerlab, tiklash imkoniyatlari yaratilishi rejalashtirilmoqda.

    Tadbir doirasida qator homiylar tomonidan markazga 300 ga yaqin noyob tarixiy artefaktlar sovgʻa qilindi. Ular orasida taxminan 1000-yillik qoʻngʻiroqlar, turli davrlarga oid 78 ta tanga, kamon uchlari, naqshli koshinlar, XX asrga mansub Eron gilami va boshqa nodir eksponatlar bor. Firdavs Abduxalikov ushbu buyumlarni qabul qilar ekan, har bir topilmaning kelib chiqishi va uning qaysi ekspozitsiyada namoyish etilishi haqida maxsus katalog tuzish, barcha jarayonlarni shaffof tarzda yuritish kerakligini alohida taʼkidladi.

    Keyingi maʼruza Yekaterina Soboleva tomonidan taqdim etildi. U oʻz nutqida Londondagi nufuzli “Sothebyʼs” auksionida Markaziy Osiyo davlatlari tarixida ilk bor Islom sivilizatsiyasiga oid noyob tarixiy buyumlar kim oshdi savdosiga qoʻyilishi rejalashtirilayotganini maʼlum qildi. Bu tashabbus nafaqat mintaqadagi boy tarixiy merosni jahon jamoatchiligiga namoyon etish, balki Islom sivilizatsiyasining insoniyat taraqqiyotida tutgan oʻrnini yanada yoritishga xizmat qiladi.

    Shuningdek, Soboleva xalqaro ommaviy axborot vositalari, jumladan, “Newsweek” kabi mashhur nashrlarda Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati haqida maqolalar chop etilishi, markazning ahamiyati va maqsadlari keng yoritilishi belgilanganini maʼlum qildi. Bundan tashqari, markaz ochilishi munosabati bilan 6 tilda hujjatli film suratga olinishi, ushbu film orqali dunyo jamoatchiligiga Oʻzbekistonning Islom merosini asrab-avaylash va ilmiy tadqiq etishdagi saʼy-harakatlari namoyon etilishi rejalashtirilmoqda.

    Umuman olganda, tadbir davomida Islom sivilizatsiyasi markazi ochilishiga yuksak saviyada tayyorgarlik koʻrish, barcha ishlar yuksak sifat va masʼuliyat bilan amalga oshirilishi zarurligi yana bir bor taʼkidlandi. Barcha ustuvor vazifalar atroflicha muhokama qilindi va loyihalarni amalga oshirishda xalqaro hamkorlik va ilmiy yondashuv muhim oʻrin tutishi alohida qayd etildi.


    Xumora TOSHMURODOVA,

    Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti,

    xalqaro jurnalistika yoʻnalishi talabasi


    Hamkorlik materiali