Asarda buğu obrazi ham realistlik, ham ramziy-badiiy yo‘sinda talqin etilgan. Nafis qayrilgan uzun va serqirra shoxlari, buğuning ixcham tanasi va harakatga shay holatda tasvirlanishi kompozitsiyaga kuchli dinamika bag‘ishlagan. Shakllar umumlashtirilgani, chiziqlar aniq va ifodali berilgani san’atkurning yuksak mahorati va tasviriy tafakkuridan darak.
Qadimgi ko‘chmanchi xalqlar dunyoqarashida buğu timsoli alohida o‘rin tutgan. U kuch-qudrat, serhosillik, hayot bardavomligi va tabiat bilan uyg‘unlik ramzi o‘laroq e’zozlangan. Ayrim tadqiqotchilar esa ushbu obrazni osmon va yer o‘rtasidagi ramziy bog‘lovchi, ruhlar olami bilan aloqador muqaddas jonzot sifatida talqin qiladi. Shu bois, bunday haykalchalar qadimda ko‘pincha qabr yodgorliklarida, marosim majmualari yoki boshqa tabarruk joylarda o‘rnatilgan degan farazlar mavjud. Shu nuqtai nazardan, mazkur yodgorlik nafaqat arxeologik jihatdan, balki ma’naviy-madaniy meros sifatida ham katta ahamiyatga ega.
Bunday haykallar odatda diniy marosimlar, e’tiqodiy tasavvurlar va urug‘-qabilaviy ramzlar bilan bog‘liq bo‘lganini inobatga olsak, eksponat bronza va temir davri Vatanimiz sarhadida istiqomat qilgan xalqlar, xususan, skif-sak madaniy an’analari, diniy tasavvurlar hamda ko‘chmanchi jamiyatlar hayoti haqida qimmatli ma’lumot beradi. Shu ma’noda, ushbu nodir topilma ajdodlarimizning boy madaniy merosi va yuksak badiiy didi haqida guvohlik beradigan bebaho yodgorlik hamdir.
Asliddin KARIMQULOV,
jurnalist