Deklaratsiya barcha mamlakatlarni korrupsiya bilan kurashishga qaratilgan kuchli qonunlar qabul qilish va adolatsizlikka hamda korrupsiyaning boshqa salbiy oqibatlariga qarshi kurash borasidagi saʼy-harakatlarni faollashtirishga daʼvat etadi.

2022-yil 6-7-yanvar kunlari Pokiston poytaxtida boʻlib oʻtgan seminarda Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, IHT Inson huquqlari boʻyicha mustaqil doimiy komissiyasi, IHTga aʼzo va kuzatuvchi maqomidagi mamlakatlar, Pokistonning davlat tashkilotlari, ilmiy doiralari va fuqarolik jamiyati institutlari hamda inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha milliy muassasalardan jami 200 dan ziyod vakil ishtirok etdi.

BMT Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Mishel Bacheletning anjuman qatnashchilariga yoʻllagan videomurojaatida qayd etilganidek, har yili butun dunyoda salkam 1 trillion dollar hajmidagi mablagʻ pora uchun sarflanmoqda.

“Albatta, ushbu muammo va uning oqibatlari nihoyatda ulkan, zero korrupsiya iqtisodiyotning samarasizligiga va izdan chiqishiga olib keladi”, — dedi M.Bachelet. BMT Inson huquqlari boʻyicha oliy komissarining fikricha, pora miqdorining oʻsishi narx-navoni qimmatlashtirib, xizmat va tovarlar sifatini yomonlashtiradi. Oʻz navbatida, bunday holat taraqqiyotga jiddiy xalal beradi.

Islomobod deklaratsiyasi IHTga aʼzo barcha davlatlarni sud, prokuratura va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi salohiyatini mustahkamlashga chaqiradi. Hujjatda, shuningdek, mustaqil aksilkorrupsiya organlarini taʼsis etish va ularga korrupsiya bilan bogʻliq, shu jumladan, transmilliy jinoyatlarni tergov qilish vakolatini berish muhimligiga eʼtibor qaratilgan.

Bundan tashqari, Deklaratsiyada inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha milliy muassasalarning korrupsiyaning inson huquqlariga koʻrsatadigan taʼsiridan aholini xabardor qilish borasidagi ahamiyatiga yuqori baho berilgan. Ushbu institutlar oʻzlarining arizalarni koʻrib chiqish, surishtiruv oʻtkazish hamda tahlil qilish sohalaridagi muayyan tartib-taomillari koʻmagida ayni masala boʻyicha maʼrifiy mashgʻulotlar oʻtkazish va tayyorgarlik ishlarida yordam berish imkoniyatiga egaligi taʼkidlangan.

Islomobod deklaratsiyasi matnini tayyorlash va muhokama etish jarayonida Pokiston, Oʻzbekiston, Iordaniya, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Falastin va boshqa bir qator mamlakatlar vakillari soʻzga chiqib, oʻz taklif-mulohazalarini bildirdi.

Xususan, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi oʻrinbosari Mirzatilla Tillaboyev Deklaratsiya matniga IHT doirasida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish, inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha milliy muassasalar va fuqarolik jamiyati institutlari bilan faol hamkorlikni amalga oshirish, shuningdek, ayni sohada axborot-maʼrifat targʻiboti ishlarini ragʻbatlantirish zarurligi toʻgʻrisidagi qoidalarni kiritishni taklif qildi.

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi matbuot xizmati.