11-noyabr, seshanba kuni tushdan keyin Pokiston poytaxti Islomobodda sodir bo'lgan xudkushlik hujumi kamida 12 kishining hayotiga zomin bo'ldi va 27 kishi jarohatlandi. Bu haqda Ichki ishlar vaziri Mohsin Naqvi jurnalistlarga ma'lum qildi.

Uning so'zlariga ko'ra, terrorchi dastlab poytaxt sud binosiga kirishga uringan, ammo “bunday qila olmagan, binoning avtoturargohida politsiya mashinasiga hujum qilgan”. Politsiyaning aytishicha, portlash qurbonlari asosan o'tib ketayotgan yoki sud majlislariga kelgan odamlar bo'lgan.

“Biz bu hodisani turli nuqtai nazardan tekshirmoqdamiz. Bu shunchaki navbatdagi bir portlash emas. Bu aynan Islomobodda sodir bo'ldi”, dedi ichki ishlar vaziri. “Kimki aloqador bo'lsa, mahalliy aholimi yoki boshqa davlatlar fuqarolari jazosiz qolmaydi”.

Pokiston Tolibonlari hujum uchun mas'uliyatni o'z zimmasiga oldi

Naqvi portlash ortida Tolibon va Hindiston bilan aloqador jangarilar turganini taxmin qildi. Keyinchalik, AP agentligi xabariga ko'ra, Pokiston Tolibonining bo'linib ketgan guruhi bo'lgan Jamoat-ul-Ahrar guruhi hujum uchun mas'uliyatni o'z zimmasiga oldi.

10-noyabr kuni kechqurun Pokiston razvedka agentliklari Afg'oniston yaqinidagi Xayber Paxtunxva viloyatidagi armiya kollejida jangarilarning kursantlarni garovga olishga urinishining oldini olganliklarini xabar qilishdi. Ta'lim muassasasiga xudkush terrorchi va yana besh kishi hujum qilgani aytildi.

Pokiston rasmiylari hujum uchun Afg'oniston-Pokiston chegarasida faoliyat yurituvchi jangari guruh “Texrik-i-Tolibon Pokiston”ni ayblashdi, ammo jangarilarning o'zlari bunga aloqadorliklarini rad etishdi. Guruh vakili ham Islomoboddagi portlashga aloqadorligini rad etdi, deb xabar berdi dw.com.