Ispaniya bilan hamkorlikda xalqaro tashuvlar rivojlantiriladi

    Joriy yil 27-mayda Transport vazirligida Ispaniya Qirolligi va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasida xalqaro avtomobil tashuvlari masalalari boʻyicha birinchi qoʻshma qoʻmita yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

    Ispaniya transport va barqaror mobillik vazirligi vakillari bilan oʻtkazilgan yigʻilishida tomonlar avtomobil transportida yuk tashuvlarini rivojlantirish bilan bogʻliq jihatlarni muhokama etdi.

    Tomonlar ikki davlat oʻrtasidagi avtomobil transportida yuk tashuvlar koʻrsatkichi boʻyicha statistik maʼlumotlarni almashdilar. Shuningdek, ikki mamlakat oʻrtasida yuk tashuvlari uchun zarur boʻlgan ruxsatnoma turlari kelishib olindi. Hamda 2024-yil uchun ruxsatnoma kvotalari soni tasdiqlandi.

    Ispaniya tranzit imkoniyatlaridan samarali foydalangan holda Janubiy transkaspiy koridori boʻylab yuk tashuvlari hajmini oshirish maqsadida tomonlar ikki davlatning yirik tashuvchilari ishtirokida B2B formatida uchrashuvlar tashkil etish masalasini koʻrib chiqdi.

    Uchrashuv yakunlari boʻyicha Ispaniya Qirolligi va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasida xalqaro avtomobil tashuvlari masalalari boʻyicha qoʻshma qoʻmita bayonnomasi imzolandi, deb xabar beradi Transport vazirligi matbuot xizmati.