Tadbirda Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikramov, Oʻzbekistonning Ispaniyadagi Favqulodda va muxtor elchisi J.Gʻaniyev, Ispaniyaning “Khesh Investment Partners S.L” kompaniyasining ijrochi direktori E.Xolmuradov, Ispaniyaning «Talgo» kompaniyasi vakili hamda Ispaniya boshqa bir qator ishbilarmon doira vakillari ishtirok etdilar.
Tadbirni Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikramov kirish soʻzi bilan ochib berib, Oʻzbekiston va Ispaniya oʻrtasida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamda investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalarining ustuvorligi, bu borada ikki davlat savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklari hamda bu hamkorlik ayniqsa ishbilarmonlar orasida hamkorlik aloqalarini kengaytirib borishda muhim ahamiyatga ega ekanligini taʼkidlab oʻtildi.
A.Ikramov Ispaniya va Oʻzbekiston oʻrtasida savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikni kengaytirish uchun muhim ahamiyatga ega ekanligini taʼkidlab, Ispaniyada Oʻzbekiston savdo-investitsiya uyining ochilishi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni yana-da rivojlantirishga, xususan milliy mahsulotlarimiz Ispaniya hamda Lotin Amerikasi davlatlariga ham eksport qilish imkoniyatiga ega boʻlishi maʼlum qildi.
Oʻzbekistonning Ispaniyadagi favqulodda va muxtor elchisi keyingi yillarda ikki tomonlama hamkorlik jadal rivojlanib borayotganligini hamda Ispaniyada oʻzbek mahsulotlari uchun Oʻzbekiston savdo-investitsiya uyining faoliyat yuritishi tomonlar oʻrtasida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga imkoniyat yaratishi toʻgʻrisida toʻxtalib oʻtdi.
Shuningdek, “Khesh Investment Partners S.L” kompaniyasining ijrochi direktori E.Xolmuradov Ispaniya va Oʻzbekiston oʻrtasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish uchun mazkur Savdo-investitsiya uyi ikki davlat ishbilarmon doiralari uchun katta imkoniyatlarni hamda aloqalarni mustahkamlashda yangi yoʻnalishlarni ochib berishini taʼkidladi.
Tadbirda shuningdek, oʻzaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, ikki davlat tadbirkorlari oʻrtasida savdo aloqalari yoʻlga qoʻyilishi va kengayishi uchun yangi imkoniyatlar ochishi qayd etildi.
Tadbir yakunida tomonlar ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish boʻyicha istiqbolli takliflar toʻgʻrisida fikr almashdilar va hamkorlikda ishlash boʻyicha kelishib oldilar.
Savdo-sanoat palatasi va “Khesh Investment Partners S.L” oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish istiqbolida Oʻzbekistonning eksport salohiyatiga katta imkoniyatlar ochib beradi va ispan investorlarini Oʻzbekistonga jalb etishga zamin yaratadi, deb xabar beradi SSP matbuot xizmati.