Uchrashuvda tomonlar Oʻzbekiston toʻqimachilik sanoati, xususan, paxta-toʻqimachilik klasterlarini global ishlab chiqarish zanjiriga ulash imkoniyatlari, sohada munosib mehnat sharoitlari yaratish masalalarini muhokama qildilar.
Taʼkidlaganidek, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan paxtachilikda klaster usuli joriy etilgach, tarmoqda sifat oʻzgarishlar yuz berdi. Paxtani xom ashyo sifatida sotish toʻxtatilib, eksportga tayyor va yarim tayyor mahsulotlar yoʻnaltirilyapti.
Darhaqiqat, bugungi kunda Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari uyushmasi tizimida 134 ta paxta-toʻqimachilik klasteri faoliyat koʻrsatayotgan boʻlib, ularda tolani chuqur qayta ishlash boʻyicha koʻplab investitsiyaviy loyihalar amalga oshirilyapti. Natijada tashqi bozorda raqobatbardosh boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarish oʻzlashtirilmoqda. Bu esa xalqaro brendlarning qiziqishini tobora oshirayotir.
— Ayni paytda klasterlar 40 dan ortiq xalqaro toʻqimachilik brendlari bilan hamkorlik qilmoqda, — dedi Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari uyushmasi raisining birinchi oʻrinbosari Saʼdulla Tojiyev. — Ular orasida “Inditex” kompaniyasiga tegishli boʻlgan “Zara” brendi ham bor. Joriy yilda boshlangan muzokaralarimiz yakunlansa, hamkorlik aloqalari yanada kengayishi kutilyapti.
Taʼkidlash kerakki, “Zara”, “Pull&Bear”, “Massimo Dutti”, “Bershka”, “Stradivarius”, “Oysho”, “Uterque” singari brendlarni birlashtirgan “Inditex” kompaniyasi Oʻzbekiston bozoriga katta qiziqish bildirayotgan jahonga mashhur tuzilmalardan biridir. Uning delegatsiyasi dastlab shu yilning iyun oyida mamlakatimizda boʻlgan edi.
— Bu galgi safarimiz davomida bevosita hududlarda boʻlib, klasterlarning ishlash tizimi, ishchi-xodimlarga yaratilgan mehnat sharoitlari bilan yaqindan tanishdik, — dedi chet el delegatsiyasi vakili Javyer Diaz. — Yurtingizning ikkita viloyatidagi klasterlar faoliyati misolida paxta-toʻqimachilik sohasida jiddiy oʻzgarishlarga guvoh boʻldik. Ayniqsa, paxta yigʻim-terimi mavsumida bolalar va majburiy mehnatga umuman yoʻl qoʻyilmayotgani bizni quvontirdi. Ayni paytda Oʻzbekistonda Xalqaro mehnat tashkiloti va Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan hamkorlikda “Better Work” dasturi amalga oshirilayotgani islohotlarning yangi bosqichiga oʻtilganidan dalolat beradi. Bu kabi shaffoflik investitsiyaviy jozibadorlikni oshirmoqda. Ayni shu jihat bizni ham hamkorlik qilishga undamoqda.
Chindan ham, bugun oʻzbek paxtachiligi sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarildi. Paxta yetishtirishda ilgʻor agrotexnologiyalardan foydalanish barobarida, “GSP+”, “Better Work”, “BCI” kabi xalqaro standartlar joriy qilinyapti. Binobarin, soha oldiga yuqori sifatli va ekologik toza mahsulotlar ishlab chiqarish orqali jahon bozorini Oʻzbekiton tomon burishdek yuksak vazifalar qoʻyilgan.
Mehmonlar eʼtirof etganidek, buning uchun esa imkoniyatlar yetarli. Zotan, 15 ga yaqin klasterlar tomonidan organik paxta yetishtirilayotgani yangi bozorlar, qoʻshimcha savdo yoʻlaklari ochilishiga katta turtki boʻladi.
Uchrashuvda “Inditex” kompaniyasi vakillari Oʻzbekistonda munosib mehnat sharoiti yaratish, ishchilar ijtimoiy himoyasini kuchaytirish borasidagi ishlarni yuksak baholadi. Paxta-toʻqimachilik sohada hamkorlik aloqalarini mustahkamlashdan manfaatdor ekanligini mamnuniyat bilan qayd etishdi.