“Škoda Group” Oʻzbekistonda temiryoʻl transportini ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma korxona tashkil etmoqchi

    Chexiyaning “Škoda Group” kompaniyasi Markaziy Osiyo bozoridagi faoliyatini kengaytirishda davom etmoqda va Oʻzbekiston bilan hamkorlikni yanada chuqurlashtirmoqda.

    Bu haqda xolding matbuot xizmati xabar berdi.

    Xabarda aytilishicha, Bryusselda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida oʻtgan biznes muzokaralarda “Škoda Group” bosh direktori Petr Novotniy ham ishtirok etgan.

    Uchrashuvda Oʻzbekiston va Yevropa sanoat yetakchilari oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, ayniqsa, transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish masalalari muhokama qilindi.

    “Yuqori darajadagi muloqotlar Yevropa texnologiyasi va tajribasi Oʻzbekistonda barqaror transport infratuzilmasini rivojlantirishga katta hissa qoʻshishi mumkinligini koʻrsatmoqda”, — dedi Petr Novotniy.

    Uchrashuv chogʻida “Škoda Group” Oʻzbekiston bozoriga qoʻshma korxona orqali kirish boʻyicha oʻz strategiyasini taqdim etgan.

    Loyiha doirasida kompaniya quyidagi uch asosiy yoʻnalishda ish olib borishni rejalashtirmoqda:

    • temiryoʻl transport vositalarini mahalliy yigʻish;
    • ularning butun xizmat davri davomida texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash;
    • mahalliy mutaxassislar tayyorlash uchun “Škoda akademiyasi”ni tashkil etish.

    Petr Novotniyga koʻra, bu yoʻnalishlar Yevropa Ittifoqi va Oʻzbekiston oʻrtasida imzolangan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi yangi bitim hamda Global Gateway strategiyasi maqsadlariga mos keladi.

    Shuningdek, uchrashuv doirasida Oʻzbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov va “Škoda Group” vakillari ikki tomonlama muzokaralar oʻtkazib, temiryoʻl va shahar transportini rivojlantirish boʻyicha aniq qadamlarni muhokama qildi.

    Prezident Shavkat Mirziyoyev “Škoda Group” kompaniyasining Oʻzbekiston transport sohasini rivojlantirishdagi hissasini, xususan, Yevropa texnologiyasi va nou-xauni joriy etishini yuqori baholadi hamda kompaniyaning mamlakatdagi uzoq muddatli faoliyatini qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.

    Uchrashuvda kompaniyaning Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz boʻyicha savdo boʻyicha vitse-prezidenti Roman Sorkin ham ishtirok etdi. U Yevropa komissiyasi, Yevropa investitsiya banki va boshqa hamkorlar bilan oʻzaro aloqalarni rivojlantirish ishlarini muvofiqlashtirib kelmoqda.

    Maʼlumot uchun, mazkur muzokaralar Yevropa Ittifoqi va Oʻzbekiston oʻrtasida imzolangan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim (EPCA) doirasida oʻtkazildi. Hujjat investitsiyalar, transport, energetika, savdo va barqaror rivojlanish sohalaridagi hamkorlik uchun yangi huquqiy asosni yaratadi.

    Loyihalarni moliyalashtirish Yevropaning Investitsiya banki (EIB) va Yevropa komissiyasining Xalqaro sherikliklar boshqarmasi (DG INTPA) tomonidan amalga oshiriladi.