Muzokaralarda “Moda España” konfederatsiyasi prezidenti Anxel Asensio Laguna, xalqaro boshqarmasi boshligʻi Lusiya Soriano, “Oʻztoʻqimachiliksanoati” uyushmasi raisining birinchi oʻrinbosari Mirmuhsin Sultonov va uyushma mutasaddilari ishtirok etdi.
Videomuloqot mobaynida xorij tomoni Oʻzbekistonning toʻqimachilik sohasidagi salohiyatiga bagʻishlangan taqdimot bilan tanishtirilib, mamlakatimizda mazkur yoʻnalishda erishilgan yutuqlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot taqdim etildi.
Jumladan, davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan keng koʻlamdagi islohotlar natijasida hozirgi kunda Oʻzbekiston toʻqimachilik sohasi tubdan oʻzgargani, paxta yetishtirish va uni qayta ishlash, tayyor mahsulot yaratish klaster tizimi asosida amalga oshirilayotgani maʼlum qilindi. Shuningdek, barcha jarayon klaster kompaniyalari tomonidan olib borilishi natijasida mazkur soha bozor iqtisodiyoti tamoyillari asosida faoliyat olib borayotgani va hozirgi kunda mamlakatda yetishtiriladigan 1 mln tonna paxta toʻliq Oʻzbekistonda qayta ishlanilishi taʼkidlandi. Oʻzbek kompaniyalari oʻz mahsulotlari uchun Yevropa Ittifoqi bozorida talab etiladigan eng nufuzli halqaro sertifikatlarga ega boʻlayotganligi va bunday kompaniyalar soni kundan kunga oʻsib borayotgani aytib oʻtildi.
Oʻz oʻrnida, 2021-yildan Oʻzbekiston Yevropa Ittifoqiga qator mahsulotlarni imtiyozli shartlarda yetkazib berishi imkonini beruvchi GSP+ dasturiga aʼzo boʻlgani, YEI mamlakatlariga toʻqimachilik mahsulotlarini eksport qilishda bojxona toʻlovlari yoʻqligi va mamlakat hukumati tomonidan yuqori qoʻshimcha qiymatlik tovarlar eksportida transport xarajatlarining 50 foizdan 70 foizgacha qoplab berilayotgani Oʻzbekiston bilan tayyor toʻqimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishda hamkorlik aloqalarini oʻrnatish istiqbolli ekaniga eʼtibor qaratildi.
Bundan tashqari, eng muhimi, 2011-yilda xalqaro Cotton Campaign koalitsiyasi tomonidan Oʻzbekiston paxtasiga qoʻyilgan boykot joriy yilning 10-mart kuni olib tashlagani alohida qayd etildi.
Bularning barchasi bugungi kunda Ispaniyaning moda sohasida faoliyat yuritayotgan kompaniyalari tomonidan mamlakatimizning toʻqimachilik sohasidagi keng imkoniyatlari va fabrikalarimizning xalqaro andozalarga toʻliq javob bera oladigan tayyor mahsulotni ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanishni yoʻlga qoʻyish va, oʻz navbatida, oʻzbek toʻqimachilik brendlari bilan hamkorlik oʻrnatish uchun yaxshi imkoniyat berayotgani taʼkidlandi.
Shu bilan birga, ushbu yoʻnalishdagi hamkorlikni yanada jadallashtirish va yangi bosqichga koʻtarish maqsadida, “Oʻztoʻqimachiliksanoati” uyushmasi tomonidan joriy yil oktyabr oyida salohiyatli oʻzbek toʻqimachilik kompaniyalari bilan Ispaniyaga “biznes missiya” tashkil qilish va uning doirasida Madrid shahrida ikki tomon yirik toʻqimachilik kompaniyalari ishtirokida forum oʻtkazish, Barselona shahrida 25-27-oktyabr kunlari tashkil etiladigan “Barcelona Expo Textile 2022” koʻrgazmasida ishtirok etish rejalashtirilayotgani aytib oʻtildi va ushbu “biznes missiya”ni “Moda España” bilan hamkorlikda uyushtirish taklif qilindi.
Oʻz navbatida, “Moda España” konfederatsiyasi prezidenti Anxel Asensio Laguna mamlakatimizdagi barcha ijobiy oʻzgarishlarni, jadal olib borilayotgan islohotlarni, Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi obroʻyi va nufuzi oʻsib borayotganini alohida eʼtirof etdi. Unga koʻra, Ispaniyaning yirik kompaniyalari, ayniqsa “Inditex” va “El Sorte Ingles” kabi nafaqat mamlakatda, balki dunyo bozorida yetakchi oʻrinlarni egallagan kompaniyalarning Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilishga qiziqish bildirayotgani konfederatsiya tomonidan yuqori baholanmoqda. Muzokaralar davomida “Moda España” konfederatsiyasi rahbari “Oʻztoʻqimachiliksanoati” uyushmasi tomonidan ilgari surilayotgan Ispaniya davlatida rejalashtirilayotgan tadbirlarni oʻtkazish tashabbusini toʻliq qoʻllab-quvvatlab, barcha tashkiliy masalalarda hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.
Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joiz, Moda España (Ispaniya moda kompaniyalari konfederatsiyasi) 2013-yilda tashkil etilgan. Ispaniyaning moda sohasida narx shakllanish zanjirini birlashtirish borasida institutsional platforma vazifasini bajaradi. Konfederatsiya sohada faoliyat yuritayotgan Ispaniya tikuv kompaniyalari uyushmasi (FEDECON), Ispaniya trikotaj uyushmasi (AEGP), Ispaniya charm mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari uyushmasi (ASEFMA), Ispaniya moda yaratuvchilari uyushmasi( ACME ), Testil, charm va aksesuarlar savdosi ishbalarmon uyushmasi (ACOTEX), Ispaniya moʻyna uyushmasi (SFA), Ispaniya sovgʻa mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilari va ulgurji savdogarlari ishbilarmon uyushmasi (REGALO FAMA), Ispaniya moda xuquqi ekspertlari uyushmasi (AEDM), Iberiya tekstilni qayta ishlovchilari uyushmasi (ASIRTEX), Ispaniya barqaror moda uyushmasi (AMSE), Ispaniya professional toʻy liboslari uyushmasi (APBE), Ispaniya bolalar uchun mahsulotlar ishlab chiqaruvchilari uyushmasi (ASEPRI), Ispaniya sport maxsulotlari ishlab chiqaruvchilari va distribyutorlari uyushmasi (AFYDAD) kabi yirik subyektlar, mintaqaviy uyushma va federatsiyalarni oʻz tarkibiga olgan.
Moda España – Ispaniyaning moda sektorida loyihalashtirish, tayyorlash va ishlab chiqarishdan tortib tarqatish va sotish jarayonini muvofiqlashtiruvchi platforma hisoblanadi.