Ispaniyaga kelgan noqonuniy muhojirlar soni rekord darajaga yetdi

    Bir yil ichida Ispaniyaga 50 mingdan ortiq noqonuniy muhojir kirib kelgan. Bu haqda Sinxua Ispaniya Ichki ishlar vazirligi ma'lumotlariga tayanib xabar berdi.

    Qayd etilishicha, joriy yilning 1-yanvaridan 15-dekabrigacha Ispaniyaga turli yo'nalishlar bo'yicha 52 945 nafar noqonuniy migrant kelgan, bu o'tgan yilning shu davriga nisbatan 76,2 foizga ko'pdir.

    Ispaniya oxirgi marta 2018-yilda bunchalik ko'p noqonuniy muhojirlarga duch kelgan, o'shanda mamlakatga 57 498 kishi noqonuniy kirib kelgandi.

    Ma'lumotlarga ko'ra, bu yil noqonuniy migrantlarning katta qismi dengiz orqali kelgan. Ularning 72 foizi Kanar orollariga yetib keldi, bu avvalgidan 140 foizga ko'p. Bu 2006-yildan beri orollar uchun yangi rekorddir.

    Noqonuniy migratsiyaning “Kanar yo'li” dunyodagi eng xavfli hisoblanadi, chunki odamlar ochiq okeanda kamida 100 kilometr masofani bosib o'tishlari kerak, deb xabar beradi korrespondent.net.

    Caminando Fronteras nodavlat tashkiloti ma'lumotlariga ko'ra, 2018-2022-yillar davomida bu yo'lda kamida 7800 muhojir halok bo'lgan.