Bu husiylarning Isroil hududiga raketa hujumiga javob edi.

19-dekabr, payshanba kuni ertalab SAXAL ijtimoiy tarmoqlarida chop etilgan press-relizga ko'ra, Isroil mudofaa kuchlari (SAXAL) Yamanning husiylar nazoratidagi poytaxti Sana shahriga ilk bor hujum qildi.

“Isroil harbiy-havo kuchlari qiruvchilari Isroil razvedka boshqarmasi va Isroil harbiy-dengiz kuchlari boshchiligida Yamanning g'arbiy sohillari va ichki hududlarida husiy terrorchi rejimining harbiy obyektlariga zarbalar berdi”, deyiladi bayonotda. Isroil armiyasi hujumga uchragan obyektlar husiylar tomonidan harbiy maqsadlarda foydalanilganini tushuntirdi. Keyinroq Yaman poytaxtidan tashqari, Ras-Issa, Xodeyda va As-Salif bandargohlari ham hujumga uchragani ma'lum bo'ldi.

Husiylar nazorati ostidagi mahalliy Sog'liqni saqlash vazirligining ma'lum qilishicha, Isroil hujumlari oqibatida to'qqiz kishi halok bo'lgan, uch kishi yaralangan. Ulardan qanchasi tinch aholi vakillari ekanligi aniqlanmagan, deb xabar beradi dw.com.