Konstruktiv ruhda boʻlib oʻtgan suhbat davomida siyosat, iqtisodiyot, investitsiyalar, savdo, madaniyat va turizm sohalaridagi Oʻzbekiston-Isroil hamkorligining qator muhim masalalarini muhokama qilindi.
Parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash, butunjahon va mintaqaviy xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni faollashtirish, xususan, Birlashgan millatlar tashkiloti doirasidagi muloqotni rivojlantirish, shuningdek, turli darajadagi oʻzaro tashriflar sonini koʻpaytirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani taʼkidlandi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy sheriklikni rivojlantirish boʻyicha birgalikdagi ishlarning dolzarbligini taʼkidladilar. Oʻzaro savdo hajmini oshirish va nomenklaturasini diversifikatsiyalash boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlarni ishlab chiqish, bu borada ikki mamlakat tashqi savdo idoralari rahbarlarining oʻrinbosarlaridan iborat qoʻshma ishchi guruh tuzish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.
Shuningdek, Isroil kompaniyalarini Oʻzbekistonda toʻqimachilik, kimyo va farmatsevtika sanoati, qishloq xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash va turizm kabi sohalardagi loyihalarni amalga oshirishga jalb etish boʻyicha navbatdagi tadbirlar belgilandi.
Muloqot chogʻida joriy yilda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Isroil hukumatlararo komissiyasining birinchi yigʻilishini, shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida biznes-forumni oʻtkazish istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar koʻrib chiqilgan barcha sohalarda yaqin va konstruktiv hamkorlik qilishga sodiqligini bildirdilar hamda qoʻshma tashabbuslarni ilgari surish boʻyicha keyingi saʼy-harakatlarni kelishib oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.