Madrimov Toshkent vaqti bilan 16-avgust tongida 37 yoshli Erik Uokerga (20-3, 9 KO) qarshi 12-raundlik jangni oʻtkazish uchun ringga koʻtarildi.
WBA yoʻnalishidagi saralash jangida oʻzbekistonlik 25 yoshli bokschi hakamlar qaroriga koʻra gʻolib deb topildi.
Madrimov jangning dastlabki raundlaridan ustunlikni qoʻlga olishga harakat qildi, ammo raqib ham qarshi hujumlarda faol boʻldi va bir necha kuchli zarbalar yoʻlladi.
Uchinchi raundga kelib amerikalik bokschida charchoq alomatlari koʻrina boshladi, yettinchi raundda esa har ikki bokschi klinchga kirish orqali jangni davom ettira boshladi.
9-raundda oʻzbekistonlik bokschi yana hujumga oʻtdi va chap qoʻl huk zarbasi orqali raqibini nokaut holatiga tushirdi. Ammo referi oʻzbekistonlik bokschi bu vaziyatda raqibga yelka bilan ham zarba berganini qayd etib, nokautni bekor qildi va Uoker oʻziga kelib olishi uchun besh daqiqalik tanaffus berdi.
Jang davom etdi, Madrimov qolgan raundlarda ham tashabbus koʻrsatdi va 12-raundda raqibini nokdaun holatiga tushirdi. Yakunda hakamlar bir ovozdan (116-110, 116-111, 116-110) oʻzbekistonlik bokschini gʻolib deb topishdi.
Shu tariqa, Isroil Madrimov yakuniy eliminator jangidagi gʻalabasi orqali WBA Jahon chempionlik kamari uchun majburiy daʼvogarga aylandi.