баннер
22 Mar 2025
03:03

    Isroilning G'azoga bergan zarbalari oqibatida 170 dan ortiq bola halok bo'ldi

    18-martga o'tar kechasi Isroil harbiy-havo kuchlarining G'azo sektoriga bergan zarbalari oqibatida 170 dan ortiq bola halok bo'ldi. Bu haqda BMTning gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi xabar berdi.

    Uning ma'lumotlariga ko'ra, halok bo'lgan 404 kishi orasida 170 dan ortiq bola va 80 dan ortiq ayol bor. Shuningdek, qutqaruv guruhlari va tez yordam mashinalari “asbob-uskunalar, yonilg'i va og'ir texnika etishmasligi” tufayli jabrlanganlarning muhim qismiga yetib bora olmagani qayd etildi.

    Bundan tashqari, BMTning gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi viloyatda atigi 4 ta dala gospitali to'liq faoliyat ko'rsatayotganini, 22 ta shifoxona va 6 ta dala gospitali qisman faoliyat ko'rsatayotganini, 13 ta shifoxona va 4 ta dala gospitali vayron bo'lganligi, xodimlar va dori-darmonlar etishmasligi sababli umuman ishlamayotganini ta'kidladi. “Vaziyat halokatli, bizda qurbonlar juda ko'p”, deya “Ash-Shifo” shifoxonasi direktori Muhammad Abu Silmiyaning so'zlaridan iqtibos keltiradi boshqarma.

    18-mart kuni Isroil armiyasi anklavga yirik hujumlarni boshladi. Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning idorasi buni Falastinning radikal harakati HAMASning vositachilar va AQSh Prezidentining maxsus elchisi Stiven Uitkoffning muzokaralar chog'ida ilgari surgan takliflarni rad etishi bilan izohlab, G'azodagi operatsiyadan maqsad barcha garovga olinganlarni ozod qilish ekanini aytdi. Radikallar jangovar harakatlar qayta boshlanganida Isroil va AQShni aybladi.

    Falastin anklavining Sog'liqni saqlash vazirligi ma'lumotlariga ko'ra, G'azodagi keskinlashuvning yangi bosqichi qurbonlari soni 400 dan oshdi, 560 dan ortiq kishi jarohat oldi, deb xabar beradi tass.ru.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech