Xoʻsh, yozning bunday jazirama ob-havo kunlarida oftob urmasligi uchun nima qilish kerak? Qanday kiyinish va ovqatlanishimiz lozim? SSV Matbuot xizmati ushbu savollar bilan Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari — Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshligʻi Bahodir Yusupaliyevga murojaat qildi.
— Maʼlumotlarga qaraganda, yurtimizning ayrim hududlarida havo harorati keskin koʻtarilib, kechasi +25… +27 daraja, kunduzi esa +38… +43 daraja issiq boʻlishi kutilmoqda. Xatto janubiy viloyatlarda havo harorati +45...+47 darajagacha koʻtarilishi mumkin. Yurtimiz aholisi bunday anomal issiq iqlim kunlarida zarurat sezganda, “103” xizmatiga murojaat qilib, tunu kun sifatli tibbiy yordam olishlari mumkin.
Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning xududlardagi 13 ta filiali hamda 173 ta tuman va shahar boʻlimlarida zarur dori-darmonlar bilan yetarli miqdorda toʻliq taʼminlangan. Bundan tashqari, ushbu holat yuzasidan Sogʻliqni saqlash vazirligining alohida nazorati tashkil etilgan. Qolaversa, Sogʻliqni saqlash vazirligining “1003” qisqa raqamli Sall-markazi faoliyat koʻrsatmoqda.
Shuni ham aytish kerakki, kuzatilayotgan bunday jazirama kunlarda birinchi navbatda boshni quyosh nuridan asrash muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki bosh miyadan katta arteriya, vena qon tomirlari oʻtgan boʻlib, kunning issiq vaqtida bosh yalang yurganda bosh qizib, butun tanada issiq qon aylanib, insonlarni oftob urishiga olib kelishi mumkin.
Buning oqibatida tana haroratini koʻtarilishi, terining qizarishi, holdan toyish, nafas olish va puls tezlashishi, yurakni tez urishi, bosh ogʻrishi, bosh aylanishi, koʻngil aynishi, qayt qilish, hushdan ketish holatlari kuzatilashi mumkin.
Bunday holatlarda qanday yordam koʻrsatiladi?
Oftob urgan odamni darhol soya joyga yotqizib, ust-boshlarni yechib, muzdek suvga choyshabni hoʻllab butun tanasiga oʻraladi, sochiqni muzdek suvga hoʻllab boshiga qoʻyiladi. Boʻyin va qoʻltiq sohasiga muz xaltachalari qoʻyilsa foydadan holi boʻlmaydi. Bemorga oz-ozdan suyuqlik ichiriladi va zudlik bilan tez yordam chaqiriladi. Tez yordam yetib kelgunga qadar yuqoridagi muolajalar davom ettiriladi.
Oldini olish uchun…
Iloji boricha kunning birinchi yarmida bosh kiyim kiygan holda sayr qilish, kunlik ovqatlanish ratsioni esa yengil hazm boʻladigan taomlar hamda meva va sabzavotlardan iborat boʻlishi, koʻproq suyuqlik isteʼmol qilish lozim. Kofe, shirin gazlangan suvlarni isteʼmol qilmaslik maqsadga muvofiq boʻladi.
Qanday kiyinish kerak?
Havoni yaxshi oʻtkazib, quyosh nurini qaytaradigan, keng tikilgan va tanaga yopishib turmaydigan kiyimlarni kiyish tavsiya etiladi. Shuningdek, kiyim tanlashda matoning rangiga ham eʼtibor berish lozim. Chunki qora va jigar rang matodan tikilgan kiyimlar oʻziga issiqlik va quyosh nurini koʻp tortadi, oq rangli matodan tikilgan kiyimlar esa, issiq va quyosh nurini qaytarish xususiyatiga ega.