Sogʻliqni saqlash vazirligining Ekologik diplomatiya boʻlimi boshligʻi Abduqayum Toʻxtaqulov bu boradagi tavsiyalari bilan oʻrtoqlashdi.
— Havo oʻta issiq boʻlgan kunlari organizm suvsizlanishining oldini olish uchun kun davomida, hatto chanqoqni his qilmasangiz ham, yetarli miqdorda suyuqlik ichish muhim, — deydi mutaxassis. — Umumiy tavsiyalarga koʻra, kuniga 2,5-3 litr suyuqlik ichish kerak, biroq jismoniy faollik va havo haroratiga qarab bu miqdor oshishi mumkin. Koʻchaga chiqqanda doimo oʻzingiz bilan suv olib yurishingiz lozim.
Oddiy toza suv eng yaxshi ichimlik hisoblanadi. Muzdek suv oʻrniga xona haroratidagi yoki biroz salqin suvni ichish afzalroqdir. 36-37 darajali suv organizmda metabolizm va ichak faoliyatini yaxshilaydi.
Shakarsiz koʻk choy chanqoqni boshqa ichimliklarga qaraganda yaxshiroq bosadi. Shuningdek, giyohli choylar (yalpiz, moychechak), nordon mevalardan (olcha, olma, qoragʻat, klyukva) tayyorlangan shakarsiz kompotlar (mors), ayron, kefir va limon qoʻshilgan suv ham foydalidir. Bu ichimliklar organizmni mineral moddalar va vitaminlar bilan taʼminlaydi.
Tarkibida suv miqdori yuqori boʻlgan mahsulotlar, masalan, bodring, tarvuz, qovun gidratatsiyaga hissa qoʻshadi. Sut tarkibidagi elektrolitlar tufayli foydali boʻlishi mumkin.
Ammo jaziramada baʼzi ichimliklarni isteʼmol qilishdan saqlanish lozim, chunki ular nafaqat chanqoqni bosmaydi, balki suvsizlanishni kuchaytirishi ham mumkin.
Bularga:
- tarkibida shakar miqdori yuqori boʻlgan, gazlangan ichimliklar, qadoqlangan sharbatlar;
- alkogolli ichimliklar;
- kofein miqdori yuqori boʻlgan ichimliklar (kofe, baʼzi choy turlari, energetik ichimliklar);
- oʻta sovuq (muzdek) ichimliklar kiradi.
Bundan tashqari, issiq kunlarda yengil hazm boʻladigan taomlarni kichikroq porsiyalarda va tez-tez isteʼmol qilish tavsiya etiladi. Tarkibida suv miqdori yuqori boʻlgan meva va sabzavotlarga (tarvuz, qovun, bodring, selderey) koʻproq eʼtibor qaratish lozim.
Salatlar, qatiqli taomlar (masalan, okroshka) va sovuq shoʻrvalar kabi salqin taomlar ham foydalidir. Terlash orqali yoʻqotilgan tuzning oʻrnini bosish uchun biroz tuzli taomlar isteʼmol qilish maqsadga muvofiq. Lekin qayta ishlangan va oʻta shoʻr mahsulotlardan saqlanish kerak.
Ovqat hazm qilish jarayonining oʻzi organizmda issiqlik ishlab chiqaradi. Shu sababli, jaziramada hazm boʻlishi qiyin boʻlgan ogʻir taomlardan saqlanish tananing ichki haroratini past holda saqlashga yordam beradi.
Ogʻir, yogʻli va oqsilga boy taomlar (ayniqsa qizil goʻsht)ni cheklash tavsiya etiladi, chunki ularni hazm qilish koʻproq metabolik issiqlik ishlab chiqaradi. Baliq va sabzavotli oqsillar yengilroq variant hisoblanadi.
Shirinliklar va xamirli ovqatlar holsizlik va chanqoq hissini kuchaytirishi mumkin. Chanqatadigan mahsulotlar, masalan, oʻta shoʻr yoki dudlangan goʻsht va baliq mahsulotlari, konservalar isteʼmolini kamaytirish kerak.
Garchi baʼzi manbalar achchiq ovqat terlashni kuchaytirib, sovishga yordam berishini taʼkidlasa-da, bunday taomlar tana haroratini oshirishi mumkinligi haqidagi maʼlumotlar ham kam emas. Bu borada meʼyorni bilish va individual reaksiyani hisobga olish muhim.








