Issiqko'lda suv toshqini tufayli favqulodda holat joriy etildi

    Qirg'izistonning Issiqko'l tumanida suv toshqini tufayli hokimiyat favqulodda holat joriy qildi.

    Qirg'iziston Favqulodda vaziyatlar vazirligining xabar berishicha, qutqaruvchilar sel oqibatlarini bartaraf etmoqda. Eng ko'p Temirovka qishlog'iga zarar yetdi.

    “Sel oqimi oqibatlarini bartaraf etish va kechiktirib bo'lmaydigan chora-tadbirlarni o'z vaqtida amalga oshirish maqsadida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbari – Issiqko'l viloyatining Issiqko'l tumani hokimining 2024-yil 18-avgustdagi 195-son farmoyishi asosida favqulodda holat rejimi joriy etildi”, deb yozadi Qirg'iziston Favqulodda vaziyatlar vazirligi.

    19-avgust holatiga ko'ra, Issiqko'l tumani Temirovka qishlog'ida sel 100 dan ortiq turar-joy binolarini qamrab oldi, deb xabar bermoqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi.

    Suv toshqinini bartaraf etish uchun hukumat tomonidan 80 nafar qutqaruvchi, 40 nafar mahalliy davlat hokimiyati xodimi, fuqaro muhofazasi xizmati, uchta motor nasosi, ikkita ekskavator va bir buldozer safarbar etildi. Favqulodda vaziyatlar vazirligining qayd etishicha, mahalliy aholi tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishga yordam bermoqda, deb xabar beradi kz.kursiv.media.

    “Jami 200 kishi va sakkizta texnika jalb qilindi. Shuningdek, Mudofaa vazirligi bo'linmasidan podpolkovnik N.Mirzayev boshchiligida 100 nafar qutqaruvchi uch birlik maxsus texnika bilan jo'natildi”, deyiladi Qirg'iziston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabarida.

    Qozog'iston Tashqi ishlar vazirligi turistlar orasida jarohatlanganlar yo'qligini ma'lum qildi.

    “Issiqko'l viloyatida 17-18-avgust kunlari kuchli yog'ingarchilik oqibatida bir qator aholi punktlarida (Qorumdu va Temirovka qishloqlari) sel oqimi sodir bo'ldi. Qirg'iziston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tezkor shtabining ma'lumotlariga ko'ra, 19.08 holatiga ko'ra, aholi va turistlar orasida qurbonlar va jarohatlanganlar yo'q”, deyiladi Qozog'iston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi xabarida.