Buxoroda 72 million yevro qiymatidagi ikkita energosamarador gaz turbinasi oʻrnatiladi

    Energetika 4 May 2023 1284

    Mamlakatimiz rahbarining Germaniya Federativ Respublikasiga tashrifi davomida koʻpgina sohalar qatori energetika tizimi boʻyicha ham qator manfaatli kelishuvlarga erishildi.

    Xususan, Germaniya-Oʻzbekiston biznes forumi doirasida “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ va “Siemens Energy” oʻrtasida Buxoro shahar 3-sonli issiqlik taʼminoti qozonxonasida va Muborak IEM korxonasida energosamarador gaz turbinasi oʻrnatish boʻyicha ikkita loyiha doirasida 72 million yevro miqdorida shartnoma imzolandi.

    Yurtimizda kogeneratsiya texnologiyalarini joriy etish yoʻnalishida amalga oshirilayotgan ishlarning uzviy davomi sifatida baholanayotgan mazkur loyihaga koʻra, Buxoro shahrining 3-sonli issiqlik taʼminoti qozonxonasida va Muborak IEM korxonasida har birining quvvati 54 MVtga teng boʻlgan ikkitadan, jami 4 ta gaz turbina oʻrnatiladi.

    Mazkur loyihalarning ishga tushirilishi mamlakatimizda ishlab chiqariladigan elektr energiyasining umumiy quvvatini 216 MVtga oshiradi. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, bu yiliga 1,7 million kVt/soat elektr energiyasi va 1,5 million Gkal issiqlik energiyasini ishlab chiqarish imkonini beradi.

    Shuningdek, 80 ta yangi ishchi oʻrinlari yaratiladi. Loyihalarni amalga oshirish davrida, respublikamizning ming nafar malakali mutaxassislarini ish bilan taʼminlash imkoniyati paydo boʻladi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ matbuot xizmati axborotiga tayanib.