Issiqlik markazlari modernizatsiyasi rossiyalik mutaxassislar hamkorligida amalga oshiriladi

    Urbanizatsiya 1 Fevral 2023 1337

    Joriy yil 31-yanvarda Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchisi Baxtiyor Rahmonov Rossiyaning “Dorogobujkotlomash” loyiha-muhandislik markazi mutasaddilari bilan uchrashdi.

    Uchrashuvda poytaxtimiz Issiqlik markazlaridagi issiqlik taʼminotini yaxshilash masalasi atroflicha muhokama etildi. Xususan, gaz bosimi meʼyorda uzatilmagan hollarda qozonlarni isitish uchun muqobil – energotejamkor va samaradorligi yuqori boʻlgan yoqilgʻilardan foydalanishni yoʻlga qoʻyish, Issiqlik markazlarini bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish, dispetcherlik ishiga yangiliklarni joriy etishning samarali usul va vositalari koʻrib chiqildi.

    Baxtiyor Rahmonov birinchi navbatda anomal sovuq kunlarda qiyinchiliklar kuzatilgan 3 va 5-Issiqlik markazlaridagi holatni yaxshilash va poytaxtdagi barcha Issiqlik markazlarining sharoitni talab darajasiga keltirish muhimligiga eʼtibor qaratdi.

    Rossiyaning “Dorogobujkotlomash” loyiha-muhandislik markazi direktori Aleksandr Artamonov hamda RF va MDH boʻyicha hududiy rahbari Rovshan Idrisxodjayev tomonidan poytaxtimizning issiqlik taʼminoti uchun masʼullar bilan birgalikda Issiqlik markazlarini modernizatsiya qilish boʻyicha xulosa va takliflarni tayyorlash uchun oʻrganish ishlari boshlandi, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.