Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori Rustam Nizomov va Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazi xalqaro boʻlim boshligʻi Sanjar Adilovlar mehmonlarga Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy faoliyati boʻyicha maʼlumot berdi. Oʻzaro ikki tashkilot faoliyati haqida suhbatlashildi, issiqxona sabzavotchiligi sohasidagi hamkorlik istiqbollari boʻyicha fikr almashindi.
“ISU Chemical Co. Ltd.” kompaniyasi vakillarining Oʻzbekistonga kelishidan maqsad, Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda respublikamizda “Smart Farming” ishlab chiqarish texnologiyasini takomillashtirishda koʻmaklashishdan iborat. “Smart Farming” ishlab chiqarish texnologiyasi yordamida issiqxonadagi jarayonlarni toʻliq avtomatlashtirish mumkin.
Koreyalik mutaxassislar shuningdek, Qishloq xoʻjaligi vazirligida ham boʻldi. Bu yerda bosh direktor Kyungsoo Leye qishloq xoʻjaligi vazirining oʻrinbosari – Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi bosh direktori Alisher Toʻrayev hamda vazirlikning boshqa xodimlari bilan uchrashdi. Davra suhbati davomida “Smart Farming” ishlab chiqarish texnologiyasi yordamida issiqxonada sabzavot ekinlari koʻchatlarini va mahsulotlarini yetishtirish texnologiyalarini ishlab chiqish va rivojlantirish boʻyicha ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik ishlarini hamkorlikda olib borishga kelishib olindi. Uchrashuv yakunida Anglashuv memorandumi imzolandi.
Koreyadan kelgan ekspertlar oʻz tajribasi bilan boʻlishish maqsadida Toshkent davlat agrar universiteti talabalari uchun maxsus taqdimot oʻtkazdi. Yoshlarga issiqxona xoʻjaligida qoʻl keladigan Smart Farming tizimining afzalliklari haqida tushuntirib berdi, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.