Issiqxonalarga gaz yetkazib berishga vaqtinchalik cheklovlar kiritmoqda

    Mazkur cheklovlar faqat havo harorati keskin pasayib ketgan vaqtda qoʻllaniladi. Quvurlardagi gaz bosimlari barqarorlashganda cheklovlar bekor qilinadi.

    Havo haroratining keskin pasayishi natijasida isteʼmolchilarning tabiiy gazga boʻlgan talabi keskin oshib, buning natijasida ayrim hududlardagi quvurlarda gaz bosimining pasayishi kuzatilmoqda.

    Birinchi navbatda aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan taʼminlash ustuvor vazifa ekanligini inobatga olgan holda ayrim ulgurji isteʼmolchilarga cheklovlar kiritilmoqda.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 26-sentyabrdagi PQ-339-son qaroriga muvofiq bosim tushishi yoki uzilishlar boʻyicha issiqxona xoʻjaliklarini kamida 24 soat oldin “Hududgaztaʼminot” AJ tomonidan majburiy xabardor qilish amaliyoti joriy qilinishi belgilangan. Gaz taʼminoti korxonalari tomonidan doim mazkur amaliyot boʻyicha ish yuritilib, cheklov kiritilishidan kamida 24 soat avval issiqxona xoʻjaliklariga ogohlantirish yuboriladi.

    Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 27-oktyabrdagi 567-sonli qaroriga koʻra, aholining gaz taʼminoti tizimida favqulodda holatlar yuzaga kelganda, issiqxona xoʻjaligida yetarli miqdorda muqobil yoqilgʻi zaxirasining mavjud boʻlishi belgilangan.

    “Hududgaztaʼminot” AJ, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda issiqxona xoʻjaliklari oʻrtasida uch tomonlama kelishuvda ham koʻrsatib oʻtilgan.

    Shu munosabat bilan uch tomonlama shartnoma shartlariga muvofiq issiqxona xoʻjaliklariga yetkazib beriladigan tabiiy gazga qisman cheklovlar kiritilgan davrlarda issiqxona xoʻjaliklari zaxira yoqilgʻi turlaridan foydalanishga vaqtinchalik oʻtishlari lozim boʻladi.

    Qayd etish kerak, mazkur cheklovlar faqat havo harorati keskin pasayib ketgan vaqtda qoʻllaniladi. Quvurlardagi gaz bosimlari barqarorlashganda cheklovlar bekor qilinadi.