Tashrif Namangan viloyatidagi loyihalarga toʻgʻridan-toʻgʻri Xitoy sarmoyasini jalb etish boʻyicha investorlar bilan bevosita muzokaralar olib borish maqsadida tashkil etildi.
Tashrif doirasida Shinjon-Uygʻur avtonom respublikasining Fulong va Urumchi shaharlari hamda Pekin shahrida Xitoyning “Hunan Zhongwei Group”, “Fulong Four Season”, “Xinjiang Tianshan”, “Jinmo Camel Biotechnology”, “BJ Supply Chain Managament”, “Shaoxing Zhonglu”, “Yang Yexuan Wantai”, “Shenzhen Decoration Group”, “New Energy Agriculture”, “Zhuanghuayiliao”, “GCL Group”, “China Gansu International Economic and Technical Cooperation Co”, “Sichuan Commercial Investment Group” va boshqa yirik kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashuv va muzokaralar oʻtkazilib, Namangan viloyatida loyihaviy tashabbuslarni amalga oshirishning amaliy tafsilotlari muhokama etildi.
Xitoy kompaniyalari vakillariga Oʻzbekistonda tadbirkorlarning qulay faoliyat yuritishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar, imtiyoz va preferensiyalar, investorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish boʻyicha qonunchilik kafolatlari taqdim etildi. Xitoy kompaniyalari vakillari mamlakatimizdagi ishbilarmonlik muhitini yuqori baholab, Oʻzbekistonning Xitoy ishbilarmon doiralarida sarmoya kiritish uchun eng ishonchli yoʻnalishlardan biri sifatida mashhurligini taʼkidladilar.
Muzokaralar chogʻida turizm, tibbiyot va infratuzilmani rivojlantirish, meva-sabzavotlarni qayta ishlash, chorvachilik, avtomobilsozlik, toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish, qurilish materiallari, quyosh va shamol elektr stansiyalari uchun uskunalar ishlab chiqarish kabi sohalarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi. Vazirlik xitoylik hamkorlarga loyihalarni amalga oshirishning barcha bosqichlarida toʻliq va har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyorligi bildirildi.
Shuningdek, tashrif doirasida 6-dekabrda Pekin shahrida Xitoyning 20 dan ortiq yirik kompaniyalari rahbarlari ishtirokida Oʻzbekiston-Xitoy biznes-forumi boʻlib oʻtdi. Xitoy tomoni taqdim etilgan loyihalarga katta qiziqish bildirdi. B2B formatida boʻlib oʻtgan muzokaralarda joylarda loyihalarni batafsil ishlab chiqish boʻyicha navbatdagi tadbirlar kelishib olindi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.