O‘zbekiston va Fransiya investitsiya hamkorligini kengaytirmoqda

    O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov hamda Fransiya Tashqi savdo, iqtisodiy jozibadorlik va chet eldagi fuqarolar ishlari bo‘yicha delegat vaziri Oliver Besht o‘rtasida videokonferensiya tarzida kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

    Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (ISSV) maʼlumotiga ko‘ra, muloqot chog‘ida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2022 yil noyabr oyida Fransiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifining ahamiyati hamda u ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni rivojlantirishga kuchli turtki bo‘lganligi qayd etildi. Energetika, suv taʼminoti, turizm, transport va logistika sohalarida erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq etish doirasida hamkorlikni yana-da chuqurlashtirishga tayyorlik taʼkidlandi.

    Tomonlar Fransiyaning “EDF”, «Total Energies» va “Voltalia” kompaniyalari bilan birgalikda elektr stansiyalarini qurish loyihalarining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish jarayonini konstruktiv tarzda ko‘rib chiqdilar.

    «Orano Mining» kompaniyasi bilan konchilik sanoatida foydali qazilmalarni ishlab chiqarish va qayta ishlash quvvatlarini oshirish, shuningdek, “Eiffage” va “Suez” kompaniyalari tomonidan Yakkabog‘-Qarshi magistral suv quvuri qurilishi loyihasi bo‘yicha ishlarni boshlashni jadallashtirish, Toshkentda suv taʼminoti loyihalarini amalga oshirishda erishilayotgan sezilarli muvaffaqiyatlar qayd etildi.

    “Alstom” va “ATR” kompaniyalari bilan transport sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha navbatdagi tadbirlar muhokama qilindi.

    Ko‘p qirrali O‘zbekiston-Fransiya hamkorligini mustahkamlash va kengaytirishning drayveri hisoblanayotgan ikki mamlakat ishbilarmon doiralari ishtirokida ikki tomonlama tadbirlarni tashkil etish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Tomonlar joriy yilning aprel oyida «MEDEF International» Fransiya tadbirkorlari harakati aʼzolarining qo‘shma biznes-forumda ishtirok etish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurishiga va may oyida Toshkentda O‘zbekiston-Fransiya hukumatlararo komissiyasining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazishga kelishib oldilar.

    Muzokaralar yakunlari bo‘yicha muhokama qilingan loyiha va tashabbuslarni muvaffaqiyatli amalga oshirish maqsadida yaqin hamkorlikni davom ettirishga o‘zaro qatʼiy sodiqlik bildirildi.