Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda vazirlik, agentlik masʼul xodimlari hamda 500 dan ortiq mamlakatimiz yosh avlodining vakillari – investor va ishbilarmonlar ishtirok etdi.
Xurram Teshabayev yoshlarni tadbirkorlik va sarmoyaviy faoliyatga keng jalb etish muhimligini va Oʻzbekistonda yoshlar salohiyatini roʻyobga chiqarish, jumladan, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida yaratilayotgan qator imkoniyatlarni alohida taʼkidlab oʻtdi.
Bugungi kunga qadar 700 ga yaqin yoshlar loyihalari, jumladan, 150 ga yaqin loyihalarni Yoshlar sanoat zonalarida amalga oshirish uchun jamgʻarma mablagʻlari ajratildi.
Tadbir savol-javob bilan yakunlanib, unda yosh investorlar va tadbirkorlar oʻzlarini qiziqtirgan mavzular boʻyicha batafsil maʼlumotlar olish, oʻzlarini qiziqtirgan savollarni oʻrtaga tashlash, istiqbolli gʻoyalar bilan oʻrtoqlashish imkoniga ega boʻldi. Koʻtarilgan muammolarni bartaraf etish boʻyicha tezkor chora-tadbirlar koʻrish, yoshlarning qiziqarli innovatsion takliflarini tegishli “Yoʻl xaritalari”ga kiritish yuzasidan masʼul rahbarlarga manzilli topshiriqlar berildi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.
Maʼlumot uchun: Yosh tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan startap-loyihalari tanlovida gʻolib boʻlgan 26 ta loyihaga 21,5 milliard soʻm grant mablagʻlari ajratildi, shuningdek, Surxondaryo viloyatining yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalaridagi loyihalarni moliyalashtirish uchun, shu jumladan, “Sanoat ipotekasi” asosida ishlab chiqarish obyektlari binolarini sotib olish uchun 40 million dollar miqdorida mablagʻ yoʻnaltirish rejalashtirilgan.