Telegram messenjeriga integratsiyalashgan va sunʼiy intellektga asoslangan chat-bot fuqarolarga davlat xizmatlari haqidagi maʼlumotlardan foydalanishni osonlashtirish uchun yaratilgan.
Uning ishga tushirilishi “1148” ishonch telefoni operatorlari yukini sezilarli darajada kamaytirish va foydalanuvchilar soʻrovlariga real vaqt rejimida tezkor javob berish imkonini yaratadi.
Maʼlumot uchun, “1148” ishonch telefoni orqali 2024-yilda fuqarolarning 135 mingga yaqin qoʻngʻirogʻi qabul qilingan. Shundan qariyb 128 mingta murojaat yoki 95%i yuzasidan mutaxassislar tomonidan huquqiy tushuntirish berilgan.
Chat-botning qanday imkoniyatlari bor?
- Davlat xizmatlaridan foydalanish tartiblari, talablar va jarayonlar haqida batafsil maʼlumotni taqdim etadi.
- Kerakli hujjatlar va arizalarni topishga yordamlashadi.
- Qaysi masala boʻyicha qayerga murojaat qilishni tushuntiradi.
Kelajakda chat-botning funksional imkoniyatlari va faoliyat doirasini kengaytirish koʻzda tutilgan.
Chat-botning afzalliklari:
- Oson va qulay — hujjatlarni varaqlab chiqish shart emas, barcha zarur maʼlumotlar bir joyda.
- Tezkor va samarali — bot sizga kerakli maslahat va javoblarni bir zumda taqdim etadi.
- Doimiy takomillashish — sunʼiy intellekt foydalanuvchilar taklif va fikrlari asosida rivojlanib boradi.