Istanbulda firibgarlik va odam savdosida ayblanayotgan oʻzbekistonlik erkak ushlandi

    Joriy yilning 6-may kuni Oʻzbekiston va Turkiya IIV hamkorligidagi tezkor tadbirda firibgarlik va odam savdosi jinoyati bilan ayblanayotgan oʻzbekistonlik Istanbul shahrida qoʻlga olindi.

    Taʼkidlanishicha, 1979-yili Samarqand viloyatida tugʻilgan Ozod Rahimov Samarqand viloyatida fuqarolarning koʻp miqdordagi pul mablagʻlarini firibgarlik yoʻli bilan oʻzlashtirishda ayblanmoqda.

    Shuningdek, Istanbul shahrida boʻlgan davrida 2022-2023-yillar mobaynida bir qancha Oʻzbekiston va Tojikiston fuqarolarini Turkiya-Ispaniya-Nikaragua-Meksika yoʻnalishi boʻylab AQSHga yuborishni vaʼda qilgan.

    Ammo firibgarlik yoʻli bilan ularning har biridan 10-15 ming AQSH dollari olib, vaʼdasini bajarmasdan, oʻzining shaxsiy manfaatlariga ishlatib yuborgani aytilmoqda.

    Ushbu shaxsning jinoiy xatti-harakatlaridan jabr koʻrgan vatandoshlarimizdan Bosh konsulxonaga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga xabar berish soʻraldi.

    Jinoiy javobgarlikdan qochibxorijiy davlatlarda, shu jumladan, Turkiyada yashirinib yurgan har bir shaxsga nisbatan jinoiy taʼqib izchil ravishdadavom ettiriladi va jinoyat uchun javobgarlik prinsipi qatʼiy taʼminlanadi.

    Shu bilan birga, keyingi vaqtlarda AQSH, Kanada yoki Yevropa davlatlarga borish uchun viza rasmiylashtirib berish vaji bilan firibgarlik sodir etilishi holatlari yuzasidan Bosh konsulxonamizga kelayotgan murojaatlar soni ortganini inobatga olib, fuqarolardan firibgarlarga aldanib qolishdan ogoh boʻlish soʻraldi.