“Oʻzbekiston yoshlari forumi — 2021” doirasida tashkil etilgan tadbirda Turkiyaning Anqara, Bartin, Bursa, Izmir, Istanbul, Karabyuk, Konya, Samsun va boshqa shaharlaridagi oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan, ilmiy izlanishlar oʻtkazayotgan va mehnat faoliyatini olib borayotgan 500 nafarga yaqin oʻzbekistonlik talaba-yoshlar va OAV vakillari ishtirok etdi.
Forumni Oʻzbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Turkiyadagi vakili, “Shuhrat” medali sohibi, iqtisod fanlari doktori Ergash Jumayev ochib berdi.
Xususan, “Uchinchi Renessans” yoʻnalishida doktor Saidbek Boltaboyev va Istanbul Davlat Universiteti doktoranti, tilshunos Gulnoza Saidova, “Kelajak liderlari” shoʻbasida iqtisodchi, Istanbul universiteti doktoranti Sarvarbek Nazarov hamda “M-Faktor” aʼzosi, Oʻzbekiston Respublikasi Soliq Qoʻmitasining rais maslahatchisi Murodjon Muhammadjonov, New media tarmogʻida taniqli jurnalist va suxandon, Kastamonu universiteti magistranti Abdukarim Mirzayev hamda “Yosh ijodkorlar” shoʻbasida jurnalist, tarjimon va shoir, Istanbul universiteti doktoranti Otabek Tillayev boshchiligida yoshlar oʻz loyihalari taqdimotini oʻtkazishlarini maʼlum qildi.
Forum doirasida Turkiyada tahsil olayotgan yoshlar va Oʻzbekiston Yoshlar ishlari agentligi rahbari Alisher Saʼdullayev oʻrtasida onlayn jonli muloqot tashkil etildi. Unda yoshlar oʻqish, malaka oshirish va Turkiyaning ilgʻor yutuqlarini Oʻzbekistonda joriy etish kabi masalalar yuzasidan taklif va mulohazalarini ilgari surdilar, oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
Forum davomida Oʻzbekistonning Istanbuldagi Bosh konsuli Amirsaid Agzamxoʻjayev va Bosh konsulxona vakillari, Turkiya Madaniyat vazirligining Chet eldagi turklar va qardosh jamiyatlar Boshqarmasi Istanbul koordinatori Emre Oruch, Turkiy davlatlar tashkiloti vakili Bobur Tagayev soʻzga chiqdi. Yoshlar bilan suhbat davomida Turkiyada tahsil olayotgan oʻzbekistonlik talabalar uchun qanday imkoniyatlar mavjudligi borasida atroflicha maʼlumot berdi.
Shuningdek, soʻzga chiqqanlar, kelgusida barcha oʻzbekistonlik talabalar bazasini shakllantirish, ular tahsil olayotgan sohalari boʻyicha guruhlarga ajratib, ana shu yoʻnalishdagi kompaniya va shirkatlarda malaka oshirishlari, qolaversa, Oʻzbekistondan keladigan tegishli idora va tashkilotlar bilan bevosita bogʻlab qoʻyish taklifini ilgari surdi.
Forum soʻnggida har bir shoʻba boʻyicha beshtadan loyiha mualliflari gʻolib deb topildi va taqdirlandi. Shuningdek, spikerlar, faol yoshlar, moderatorlar hamda viktorina va tanlovlar gʻoliblari, ijtimoiy tarmoqlarda forum boʻyicha eng yaxshi chiqishlar qilgan ishtirokchilarga homiylarning qimmatbaho sovgʻalari topshirildi. Bundan tashqari, Turkiyadagi yilning eng yaxshi yetakchisi, eng yaxshi blogeri, eng yaxshi inflyuyenseri, eng yaxshi yosh volontyori kabi nominatsiyalar gʻoliblariga ham Oʻzbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining maxsus sovgʻalari topshirildi.
Shu qatorda, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti aʼzosi Nazlim Abdujabbarova ham “Uchinchi renessans” shoʻbasida oʻz taklifi bilan gʻolib deb topildi.
Forum ishtirokchilarining kiritgan loyihalari oʻrganilib, saralanadi hamda yoshlarga doir qabul qilinishi kutilayotgan Oʻzbekiston hukumati qarori uchun taklif sifatida taqdim etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.