Turkiyaning Istanbul shahri Kadikoy tumanida 19 yoshli Oʻzbekiston fuqarosi ijarada turgan uyida chiqqan yongʻin sabab vafot etdi.

Bu haqda mamlakatning Istanbuldagi bosh konsulxonasi xabar qildi.

Marhumning jasadini Oʻzbekistonga yuborish bilan bogʻliq barcha xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi tomonidan toʻliq qoplab berildi.

Shu oʻrinda, ijtimoiy tarmoqlarda ayrim shaxslar tomonidan marhumni Oʻzbekistonga yuborish uchun yordam puli yigʻilayotgani haqidagi yolgʻon va asossiz maʼlumotlar tarqatilmoqda. Konsulxona fuqarolarimizni bu kabi notoʻgʻri xabarlarga ishonmaslikka va rasmiy manbalarga tayanishga chaqiradi.

Fursatdan foydalanib, Bosh konsulxona kuni kecha qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 252-sonli “Oʻzbekiston fuqarolarini xorijda tashkil etilgan tartibda ishga joylashtirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qaroriga muvofiq, endilikda chet elda boʻlgan davrida vafot etgan Oʻzbekiston fuqarolarining jasadini Vatanga qaytarish bilan bogʻliq xarajatlar davlat tomonidan qoplanishini maʼlum qiladi.

Diplomatik idora, shuningdek, chet elda boʻlgan davrida vafot etgan Oʻzbekiston fuqarolarining jasadini vatanga qaytarish bilan bogʻliq xarajatlar davlat tomonidan qoplanishini eslatib oʻtdi.