Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning  2022-yil 27-iyundagi qarori bilan tasdiqlangan “2022-2023-yillarda ommaviy axborot vositalarini qoʻllab-quvvatlash hamda jurnalistika sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi”da uyushmaga aʼzolar qabul qilishni takomillashtirish, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini toʻlaqonli himoya qilish kabi masalalarga alohida eʼtibor qaratilgani yosh jurnalistlarni ham uyushma aʼzosi boʻlishga ruhlantirdi.

Shu oʻrinda umumiy gaplarni emas, aniq misollarni keltirib oʻtsak.

Sabina Alimova, 2019-yilda Oʻzbekiston Milliy universitetining bakalavr, 2021-yilda Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining magistratura bosqichini tamomlagan. “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlangan. Ayni paytda “Yangi Oʻzbekiston” – “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati madaniyat va maʼrifat boʻlimi mudiri lavozimida faoliyat olib bormoqda.

Behruz Xudoyberdiyev, 2023-yilda Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti “Internet jurnalistika va mediamenejment” fakultetini tamomlagan. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi “Xalqaro axborot” tahririyatida yetakchi muharrir boʻlib ishlagan, hozir OʻzA Prezident “POOL” markazi yetakchi muharriri. 

Islom Asilbekov, 2023-yilda  Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini bosma OAV yoʻnalishi boʻyicha tamomlagan. 2021-yilda “Mard oʻgʻlon” davlat  mukofoti bilan taqdirlangan. Hozirgi vaqtda “Hurriyat” gazetasi yetakchi muxbiri.

Bugungi kunda “Renessans TV” telekanalida “Ovoza” informatsion dasturi muxbiri sifatida faoliyat olib borayotgan Nurullo Rasulovni ham shunday iqtidorli yosh jurnalistlar qatoriga kiritish va bu roʻyxatni yana davom ettirish mumkin.

Xoʻsh, biz yuqorida tilga olgan yosh jurnalistlarni qanday jihatlar birlashtirib turadi? Ular 2-3 tadan chet tillarini mukammal biladi, tezkor zamon bilan hamnafas, ijtimoiy faol, yanada muhimi, hali yosh boʻlishlariga qaramasdan, jurnalistika sohasida oʻz soʻzini ayta olgan va eʼtirofga sazovor boʻlgan. Demak, Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi aʼzosi boʻlishga toʻla munosib desak, mubolagʻa boʻlmaydi.    

Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b. Xolmurod Salimov jurnalistika sohasida samarali faoliyat yuritayotgan bir guruh hamkasblarimizga, jumladan, uyushma aʼzoligiga qabul qilingan Sabina Alimova,  Behruz Xudoyberdiyev,  Nurillo Rasulov va Islom Asilbekovga yangi namunadagi aʼzolik guvohnomalarini topshirar ekan, uyushma aʼzolariga yaratilgan imkoniyatlar, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev rahbarligida media soha rivoji yoʻlida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar   haqida soʻz yuritdi.

Xususan, jurnalist va tahririyat xodimlarini xorij mamlakatlariga tajriba almashish, stajirovka oʻtash, nufuzli media tadbirlarda ishtirok etish uchun yuborishda uyushma aʼzolariga alohida eʼtibor qaratilishini taʼkidladi.

— Har qanday ragʻbat va eʼtirof ijodkorga kuch beradi, ilhom bagʻishlaydi, — dedi  Islom Asilbekov. — Yosh boʻlishimga qaramay, ustozlar tomonidan eʼtirof etilib, Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi aʼzosi degan nomni olishimning oʻzi masʼuliyat. Tabiiyki, masʼuliyat bor joyda tinimsiz mehnat, soʻzingiz, qalamingiz bilan insonlar qalbiga kirib borish vazifasi yotadi. 29 yoshimda uyushma aʼzoligiga qabul qilinganim, albatta, mazkur tizimda yoshlar bilan ishlashning yangi mexanizmlari rivojlanayotganidan, yosh jurnalistlar bilan hamkorlikda koʻplab loyihalar amalga oshirilishidan dalolat beradi. Men Uyushma aʼzosi degan nomni oqlashga sidqidildan harakat qilaman.

Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi

Axborot xizmati