Hozir ushbu topshiriq ijrosi vazirliklar, turli davlat va nodavlat tashkilotlar tomonidan respublika boʻylab amaliyotga tatbiq etilmoqda. Xususan, Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi ham ushbu jarayonda jamoatchilik tashkiloti sifatida munosib ishtirok etishga intilmoqda. Fuqarolar murojaatlari bilan ishlashning mahallabay tizimini joriy etishga qaratilgan huquqiy maslahat markazlari tashkil etish loyihasi shunday intilish hosilasidir.

Mazkur loyiha fuqarolik jamiyati institutlarining davlat va jamiyat ishlaridagi faolligini oshirish, tadbirkorlik subyektlari bilan ijtimoiy sheriklik asosida mahalliy hokimliklar koʻmagida fuqarolar murojaatlari bilan ishlashning yangicha mexanizmi joriy etish, mahallalar kesimida huquqiy maslahat markazlarini tashkil etishni koʻzda tutadi.

Ushbu tizim taʼsirchanligi va samaradorligini oshirish maqsadida federatsiya tomonidan har bir mahallada “Isteʼmol daftari” shakllantiriladi.

Bu daftar isteʼmolchilarning uy-joy, kommunal xizmat, xizmat koʻrsatish, transport, aloqa va kommunikatsiya, savdo va umumiy ovqatlanish, tibbiy xizmat koʻrsatish va boshqa sohalardagi muammolarini jamoatchilik nazorati tartibida oʻrganish va aniqlangan kamchiliklarni joyida bartaraf etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish, aholining isteʼmol madaniyatini oshirish uchun isteʼmolchi va xizmat koʻrsatuvchi oʻrtasidagi huquqiy munosabatlarni belgilovchi va tartibga soluvchi, oʻzaro munosabatlar boʻyicha tuzilgan shartnomalarning bajarilish holati va natijadorligini belgilovchi pasport hisoblanadi.

Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish

jamiyatlari federatsiyasi matbuot xizmati