Qarshilik Zebo Xushvaqtova yosh tadbirkor. Tirishqoqligi bois, doim yangi gʻoyalar ustida ishlashga harakat qiladi. Yaqinda sohadagi bilimini boyitish istagida internet orqali oʻquv qoʻllanma sotib olmoqchi boʻldi. Ancha qidiruvdan soʻng unga kerakli qoʻllanma topildi. Internet orqali shartnoma tuzib, pulini bir yil ichida boʻlib toʻlash sharti bilan qoʻllanma xarid qildi. Hammasi shundan soʻng boshlandi.

Sotib olingan qoʻllanma sahifalarini varaqlab chiqarkan, Zebo negadir oʻzi oʻrganmoqchi boʻlgan mavzularni topolmay hayron edi. Afsuski, internetdagi reklamada barchasi binoyidek keltirilgandi. Ilojsiz qolgan tadbirkor sotuvchiga qoʻngʻiroq qilib, holatni maʼlum qildi. Ammo u taraf dastlab “anglashilmovchilik” dedi. Ikki-uch kun oʻtgach, yana boshqa bahona topdi. Shundan soʻng sotuvchi boshqa oʻquv qoʻllanmalarni maqtay boshladi. Muzokaralarning oxiri koʻrinmasdi. Shundan soʻng Z.Xushvaqtova Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasining Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi mutasaddilariga murojaat qildi. Soha mutaxassislari saʼy-harakati bilan yosh tadbirkor toʻlagan mablagʻ qaytarib olib berilib, shartnoma bekor qilindi.

Bugun bunday holat birgina yosh tadbirkorda emas, koʻplab kishilarning hayotida uchrayotir. Xususan, kuni kecha Qarshi shahrida Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi masʼullarining keng jamoatchilik vakillari bilan ochiq muloqotida ham aytib oʻtildi. Misol uchun, Qashqadaryoda jismoniy va yuridik shaxslardan 2024-yilda 2400 ta murojaat kelib tushgan boʻlsa, joriy yilning birinchi choragida bu koʻrsatkich 2500 dan oshgan.

– Muammolarni bartaraf etish uchun tizimli ishlar qilinayotgan boʻlsada, qator hokimliklar, tegishli boshqarma mutasaddilarining eʼtiborsizligi tufayli murojaatlar soni ortmoqda, – deydi qoʻmita raisi maslahatchisi Otabek Usmonov. – Xususan, aholini qiynayotgan masalalardan biri kommunal xizmatlar yaxshi yoʻlga qoʻyilmaganidir. Tahlillarga koʻra, 2500 ta murojaatning 2000 dan ziyodi joylarga suyultirilgan gazni oʻz vaqtida yetkazib berish bilan bogʻliq. Bundan aynan shu tizimda oqsoqlik mavjudligi koʻrinadi.

Qoʻmita tashabbusi bilan eng birinchi navbatda joylardagi muammolarni bartaraf etishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Misol uchun, oʻtgan yili oʻrganishlar natijasida viloyatda 20 milliard soʻmdan ortiq, joriy yilning oʻtgan birinchi choragida 1,5 milliard soʻmga yaqin mablagʻ isteʼmolchilar va tadbirkorlik subyektlari foydasiga qayta hisob-kitob qilinishi taʼminlandi.

Shuningdek, hududiy boshqarma xodimlari tomonidan 2025-yilning yanvar mart oylarida qilingan ishlar natijasida boshqaruv servis kompaniyalari va xususiy uy-joy mulkdor shirkatlari tomonidan koʻrsatilmagan xizmatlar uchun hisoblangan jami 500 million soʻmdan ortiq mablagʻ 7000 ga yaqin fuqaro foydasiga hal etilgan. Buning evaziga noreal qarzdorliklar isteʼmolchilar hisobidan chiqarilgan.

Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasining Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan Termiz shahridagi Matbuot uyida ham tadbirkorlik subyektlari, fuqarolar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi. Dastlab hududiy boshqarma boshligʻi oʻrinbosari Hamza Mustafoqulov 2024-yil yakunlari va 2025-yil 1-choragida qilingan ishlar boʻyicha hisobot taqdim etdi.

Unda tovar bozorlarida raqobatni rivojlantirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va sohadagi dolzarb muammolarni aniqlash masalalari koʻrib chiqildi. Keng jamoatchilik vakillari bilan navbatdagi ochiq muloqotda mutasaddilar savollarga atroflicha javob berdi. Masalan, vohada soʻnggi vaqtlarda yoʻlkira narxining asossiz oshirilishi, onlayn toʻlovlardagi noaniqliklar hamda yangi avtomobillarda aniqlangan texnik nosozliklar yuzasidan fuqarolar tomonidan bildirilgan murojaatlarga qoʻmita va hududiy boshqarma masʼullari atroflicha javob berdi, oʻrganish talab etiladigan masalalar masʼullarga yoʻnaltirildi.

Muloqotda fuqarolar va tadbirkorlar bilan qoʻmitaning amaliy faoliyati, raqobat muhitini rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish borasidagi natijalar muhokama qilindi. Mazkur ochiq muloqotda jismoniy va yuridik shaxslardan 20 ga yaqin murojaat va taklif qabul qilindi. Jumladan, Termiz shahridagi bir guruh fuqaro oʻzi yashab turgan koʻp qavatli turar joyga xizmat koʻrsatuvchi boshqaruv servis kompaniyasi xizmatlaridan noroziligini bildirdi. Oylik badallarni olsada, kompaniya oʻz vazifalarini yetarlicha bajarmayotgani va koʻrsatilmagan xizmatlar uchun qayta hisob-kitob qilish holatlari uchrayotgani aytildi. Masʼullar bu borada huquqiy baho berilishini qayd etdi.

Akbar RAHMONOV,

Sarvar TOʻRAYEV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbirlari