Ammo maʼlum sabablarga koʻra, aviaqatnov bekor qilingan. Fuqaroning avikassa xodimlariga chipta pulini qaytarishni soʻrab qilgan murojaati asossiz rad etilgan.
Mazkur murojaat Buxoro shahri isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari tomonidan oʻrganilib, “Don Aviatrans” MCHJ xodimlariga amaldagi qonun hujjatlari talablari tushuntirildi. Natijada muammo zudlik bilan ijobiy hal etildi, isteʼmolchining 2 327 000 soʻm naqd puli qaytarib berildi.
Yana shunday holatlardan biri Fargʻonada kuzatildi. Yozyovon tumani isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga “Porloq” mahalla fuqarolar yigʻini hududida yashovchi X.Q.dan aviachipta pulini qaytarib olish masalasida murojaat kelib tushdi.
Murojaatda bildirilishicha, isteʼmolchi shu yilning 2-yanvarida “Qoratepa” mahalla fuqarolar yigʻini hududida joylashgan aviachiptalar sotish shoxobchasidan oʻgʻli D.Q nomiga Qozogʻiston Respublikasiga uchish uchun chipta sotib olgan. Biroq oradan hech qancha vaqt oʻtmay, Qozogʻistonga bir qancha davlatlar bilan aviaqatnovlar nomaʼlum vaqtga toʻxtatilganidan xabar topgan isteʼmolchi shoxobchaga murojaat qilib, chipta uchun toʻlagan puli qaytarilishini soʻraydi. Sotuvchidan rad javobini olgach, oʻz huquqini himoya qilinishini soʻrab tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qiladi.
Murojaat “EASY BOOKING” kompaniyasi xodimi hamkorligida oʻrganilganda, isteʼmolchi tomonidan koʻrsatilgan vajlar oʻz isbotini topdi. Kompaniya vakiliga isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik talablari tushuntirildi.
Oʻtkazilgan oʻrganish natijalari bilan isteʼmolchining qonuniy talablari roʻyobga chiqarilib, unga aviachipta sotib olish uchun toʻlagan 1 530 000 soʻm pulini qaytarilishiga erishildi.