Isteʼmolchi tonirovka uchun toʻlov qiymati pasayishidan manfaatdor

    Qish tugab, bahor kelishi bilan yurtimizda kunlar isib, havo harorati keskin oshadi. Soʻnggi yillarda yurtimiz yozi oʻta issiq va quruq kelmoqda. Shunday jazirama kunlarda koʻchada harakatlanayotgan avtomashinalarda quyoshning issiq taftidan himoyalanish uchun ham haydovchilar avtomobili oynasini tonirovka qilish (qoraytirish)ga ehtiyoj sezadi. Ammo hamma narsa ham istaklarimizga bogʻliq emas...

    Tonirovka, yaʼni oynalar tusini oʻzgartirish (qoraytirish) uchun ruxsat olishga hammaning ham qurbi yetavermaydi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 24-dekabrdagi 370-son qarori bilan tasdiqlangan “Yoʻl harakati qoidalari”da transport vositalaridan foydalanishni taqiqlovchi shartlardan biri sifatida barcha transport vositasining old, yon va orqa oynalarining yorugʻlik oʻtkazuvchanligi 70 foizdan kam boʻlishi belgilangan.

    Yengil avtomobillarga oynalarini muayyan miqdorda toʻlov asosida qoraytirishga 2018-yili 1-avgustdan ruxsat berilgan. Oʻshanda qoraytirishaga ruxsatnoma olish uchun toʻlov jismoniy shaxslarga 16,5 million soʻm, yuridik shaxslar uchun esa 22, 1 million soʻm etib belgilangan. Bunday narx-navoga keskin norozilik boʻlavergach, bu qiymat ancha pasaytirildi.

    Pasaytirilgan narx ham aholining oylik maoshiga nisbattan olinganda hamma haydovchiga ham toʻgʻri kelavermaydi. Bugungi kunda tonirovka uchun jismoniy va yuridik shaxslar YAIDXP orqali ruxsat olish uchun murojaat qilganda, toʻlovlarning quyidagi stavkalari belgilangan:

    orqa yon oynalar – jismoniy shaxslar uchun yiliga 4,5 BMH (1 million 215 ming soʻm); yuridik shaxslarga yiliga 9 BHM (2 million 430 ming soʻm);

    barcha yon oynalar – jismoniy va yuridik shaxslar uchun yiliga 45 BMH (12 million 150 ming soʻm).

    Old eshiklarning yon oynalarini 50 foizgacha, orqa oynalari esa 100 foizgacha qoraytirish mumkin. Ammo bu narx koʻpchilikka toʻgʻri kelmayapti. Imkoni bor inson oʻz mashinasida issiqdan himoyalanib, bemalol yurishi mumkin. Imkoni yoʻqlar esa quyosh taftida kuyib, jaziramadan qiynalishga majbur.

    Ijtimoiy tarmoqlarda ham aynan tonirovka masalasi doimiy bahs-munozaralarga sabab boʻladi. Ayniqsa, ruxsatsiz tonirovka uchun jarima miqdori hayratlanarli darajada yuqori. Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 126-moddasiga kiritilgan oʻzgarishga asosan, tegishli ruxsatnomasiz avtomobil oynalarini qoraytirganlik uchun jarima BMHning 25 baravari miqdorida (6 million 750 ming) etib belgilangan.

    Ushbu qoidabuzarlik yana takrorlansa, eng kam ish haqining 40 baravari (10 million 800 ming soʻm) miqdorida jarimaga tortiladi. Vaholonki, yoʻl-transport hodisalariga sabab boʻladigan holatlar juda koʻp. Tonirovka sabab sodir etilgan jinoyat va boshqalarga xavf tugʻdiradigan holatlarga duch kelmaganmiz.

    Aslida har qanday taqiq, jarima ortida manfaatdorlik boʻlishi ogʻriqli masala. Oʻzbekistonda birgina 2019-yilning 5-avgustidan 2020-yilning 31-dekabriga qadar 82 ming 125 ta tonirovka ruxsatnomasi berilib, jami 302 milliard 635 million soʻm undirilgani xabar qilingan edi. Tonirovkaga ruxsatnoma berish va oynalarni noqonuniy qoraytirgan fuqarolardan undiriladigan jarimadan koʻrilayotgan foyda nimaga sarflanayotgani hanuz ochiq qolmoqda.

    Asosiy masala shundaki, yuridik va jismoniy shaxslarga tonirovka uchun narxni tenglashtirish lozim. Shu oʻrinda isteʼmolchi sifatida yurtdoshlarimizdan bir taklif tushyapti: tonirovkaga ehtiyoj oshadigan mavsumda oynalar tusini mavsumiy oʻzgartirish tekin boʻlsa, hech boʻlmaganda fuqarolarning oylik maoshga mutanosib ravishda, hammaning imkoni yetadigan qilib arzonlashtirilsa, ayni muddao boʻlardi.

    Gulnoza SHARAFOVA,

    Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari

    federatsiyasi axborot xizmati xodimi