O'zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo'mitasi huzuridagi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan iste'molchilarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish maqsadida amalga oshirilgan ishlar bo'yicha brifing o'tkazildi.

Unda ma'lumot berilishicha, iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga joriy yilning o'tgan davri mobaynida 7 mingdan ortiq iste'molchilar murojaat qilganlar. Ularning 42 foizi uy-joy kommunal, transport xizmatlariga to'g'ri kelsa, 33 foizi savdo va umumiy ovqatlanish xizmatlari, 18 foizi aloqa, moliya va ijtimoiy xizmatlar hamda 7 foizi reklama munosabatlari va boshqa masalalarga to'g'ri keladi. Ko'rib chiqilgan murojaatlarning 79 foizi qanoatlantirildi, 14 foiziga tegishli tushuntirish berildi va 5 foizi vakolatli idoralarga yuborildi.

Agentlik mutaxassislari tomonidan murojaatlarni ko'rib chiqish va ular asosida o'tkazilgan o'rganishlar jarayonida 4 mingdan ortiq iste'molchilarning buzilgan huquq va manfaatlari tiklanishiga erishildi. Natijada iste'molchilarga 3 mlrd 800 mln so'm miqdorida zarar yetkazilgani aniqlangan.

Kelib tushgan murojaatlarning askariyat qismi uy-joy kommunal sohasiga tegishli bo'lib,  Agentlik va uning hududiy tuzilmalari tomonidan aholining ushbu sohadagi muammolarini tizimli ravishda o'rganish, xizmat ko'rsatuvchi korxonalar bilan muammolarni tezkor va joyida ko'rib chiqish maqsadida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xabaringiz bor, joriy yilning 25—27-yanvar kunlari Markaziy Osiyo yagona elektr tarmog'ida avariya sodir bo'lishi natijasida respublikaning barcha hududlarida elektr energiya ta'minotida o'chishlar sodir bo'lgan. Uning oqibatida tabiiy gaz ta'minotida vujudga kelgan uzilishlar sababli “Toshissiqquvvati” Davlat Unitar Korxonasi tomonidan iste'molchilarga belgilangan talablarga muvofiq issiqlik ta'minoti etkazib bermaslik holati aniqlangan.

Natijada, Agentlik tomonidan “Toshissiqquvvati” DUKga berilgan topshiriqqa asosan abonentlarga 4 mlrd 500 mln so'm miqdoridagi mablag' belgilangan tartibda qayta hisob-kitob qilib berilishi ta'minlangan. Xuddi shu kabi o'rganishlar respublikaning 9 ta hududlarda ham amalga oshirilib, uning natijasida 1 mlrd 222 mln so'm miqdorida ortiqcha olingan mablag'lar aniqlanib, bugungi kunda ushbu mablag'lar iste'molchilarga qayta hisob-kitob qilib berilishi ta'minlangan.

Agentlikning navbatdagi o'rganishlaridan biri hisoblagichlarning davriy qiyoslovi muddati va uni o'tkazish bilan bog'liq bo'ldi. Xususan, karantin choralari joriy etilgani munosabati bilan gaz hisoblagichlarni davriy qiyoslovdan o'tkazish kechiktirilishi va keyinchalik davlat dasturi doirasida ularning o'rniga yangi aqlli hisoblagichlar o'rnatilishi sababli, davriy qiyoslashdan o'tkazish bo'yicha to'langan 634 mln 700 ming so'm yig'imlarni 14 ming  nafardan ortiq  iste'molchiga qaytarilishi bo'yicha choralar ko'rilmoqda.

Shuningdek, respublika hududlaridagi ayrim xonadonlarni tabiiy gaz ta'minotidan uzilgan bo'lsa-da, 522 ming nafar iste'molchining abonent hisob-varag'ida tabiiy gaz uchun oldindan amalga oshirgan 16 mlrd so'mdan ortiq miqdoridagi to'lovlari, ya'ni haqdorligi qolib ketganligi aniqlandi va bugungi kunda iste'molchilar foydasiga 8 mlrd so'mdan ortiq mablag' qayta hisob-kitob qilingan. Qolgan mablag'larni iste'molchilarga qayta hisob-kitob qilish maqsadida, ushbu ish doirasida to'plangan hujjatlar belgilangan tartibda Bosh prokuraturaga xulosa berish uchun kiritilgan. Hozirda mazkur ish doirasida viloyat prokuraturalari va Agentlikning hududiy tuzilmalari bilan hamkorlikda o'rganish ishlari olib borilmoqda.

“Ipoteka bank” aktsiyadorlik tijorat banki viloyat filiallari tomonidan aholidan kommunal xizmatlari uchun to'lovlarni bank kassalari orqali amalga oshirilganda, ushbu to'lovlar summasiga nisbatan, olinadigan qo'shimcha 2 000 so'm bank xizmatlari ya'ni komissiya undirish holatlari bo'yicha Agentlik tomonidan tahliliy o'rganishlar o'tkazildi.

Ta'kidlash lozimki, ijtimoiy tarmoqlarda iste'molchilar o'z e'tirozlarini bildirib, mazkur masala keng salbiy muhokamalarga sabab bo'ldi.  Tahlil natijalariga ko'ra, “Ipoteka bank” aksiyadorlik tijorat bankiga nisbatan ish ko'zg'atilib, iste'molchilardan undirilgan mablag'larni belgilangan tartibda qayta hisob-kitob qilib berish bo'yicha ko'rsatma berildi.

2021-yilda “Uzauto Motors” AJ faoliyati yuzasidan kelib tushgan murojaatlarga asosan avtomobillarni yetkazib berish muddatlariga rioya etilmaganligi yuzasidan tahlillar o'tkazilgan.

Tahlillarga ko'ra, 68 ta dilerlik tashkilotlari tomonidan 5 mingdan ortiq holatda avtomobillarni shartnomalarga muvofiq belgilangan muddatlarda yetkazib berilmaganligi aniqlanib, hozirgi kunda belgilangan muddatda yetkazib berilmagan kunlar uchun iste'molchilarga penya to'latib berish bo'yicha ishlar olib borilmoqda.

Agentlik ish rejasi va boshqa idoralar tomonidan taqdim etilgan ma'lumotlar hamda iste'molchilardan kelib tushgan murojaatlar asosida iste'molchilarning nomuayyan doirasi huquqlarini himoya qilish sohasida turli sohalarda 102 ta o'rganish va tahlillarni o'tkazdi.

O'rganishlarda, iste'molchilardan jami 23 mlrd 600 mln so'm miqdorida ortiqcha mablag' olingani aniqlandi. Va bugungi kunda ushbu mablag'larning 14 mlrd 100 million so'mi iste'molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qiliningan.