Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga eng koʻp kommunal xizmatlar yuzasidan murojaat qilingan

    Bu haqda AOKAda Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi axborot xizmati rahbari Mohruxsor Togʻayeva ishtirokida boʻlib oʻtgan brifingda maʼlum qilindi.

    Qayd etilishicha, Agentlikka kelib tushgan 21 mingga yaqin ariza, shikoyat va taklifning 51 foizi uy-joy kommunal, transport xizmatlariga toʻgʻri kelsa, 22 foizi savdo va umumiy ovqatlanish xizmatlari, 15 foizi aloqa, moliya va ijtimoiy xizmatlar hamda 11 foizi reklama munosabatlari va boshqa masalalarga toʻgʻri keladi.

    Koʻrib chiqilgan murojaatlarning 79 foizi qanoatlantirildi, 18 foiziga tegishli tushuntirish berildi va 3 foizi vakolatli idoralarga yuborildi.

    Oʻrganishlar davomida aniqlangan isteʼmolchilarga yetkazilgan zarar miqdori 136 milliard 900 million soʻmni tashkil etdi. Bugungi kunga qadar Agentlik saʼy-harakatlari bilan isteʼmolchilar foydasiga 86,5 milliard soʻm mablagʻ (yaʼni aniqlangan mablagʻning 63,1 foizi) qayta hisob-kitob qilinishiga erishilgan.